Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tadbirkorlik – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ish o‘rinlari yaratishdir
11:17 / 2020-01-22

Ijtimoiy tadbirkorlik sohasidagi xorijiy tajribaning asosiy jihatlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi, jumladan:


Xorijiy mamlakatlar tajribasida ijtimoiy tadbirkorlik aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ish o‘rinlari yaratishni, shuningdek ijtimoiy sohalarga aloqador tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Ijtimoiy sohalarga ijtimoiy ta’minot, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va o‘qitish, atrof-muhit va ekotizimni himoya qilish, madaniy merosni rivojlantirish kabi sohalarni kiritish mumkin. 

Yuqoridagilarni inobatga olib, Adliya vazirligining ekspert-tahlil guruhi tomonidan ijtimoiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini huquqiy tartibga solish bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganib chiqildi.

Ijtimoiy tadbirkorlik sohasidagi xorijiy tajribaning asosiy jihatlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi, jumladan:

ijtimoiy tadbirkorlik bu daromadlari asosan ushbu biznes yoki jamiyatning asosiy maqsadlariga erishish uchun investitsiya qilinadigan va korxona egalarining daromadlarini ko‘paytirishga yo‘naltirilmaydigan birinchi navbatda ijtimoiy maqsadlarni ko‘zlaydigan biznesdir;

ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining asosiy maqsadi ijtimoiy foydalilik hisoblanib, unga ko‘ra korxonaning ishiga asosan ijtimoiy jihatdan nobarqaror holatda bo‘lgan yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar jalb etiladi, shu bilan birga mazkur korxonalar ijtimoiy jihatdan foydali tovar 
va mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘ladilar;

ijtimoiy tadbirkorlik uchun ko‘plab imtiyoz va qulayliklar nazarda tutiladi, masalan dastlabki ikki yil davomida ish haqi xarajatlarini qoplash, biznesni rivojlantirish uchun subsidiyalar ajratish, maslahat yordami, to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat yordami. Masalan, Janubiy Koreyada bir sohadagi biznesni rivojlantirish uchun har yili 30 ming AQSh dollari miqdorida grant ajratiladi va o‘n yildan ortiq davr mobaynidagi faol davlat siyosati natijasida mazkur mamlakatda ijtimoiy biznesning barqaror tizimi yaratilgan bo‘lib, unga o‘n minglab kishilar jalb etilgan;

ijtimoiy korxona bu xususiy tashkilot hisoblanadi, shunga ko‘ra u davlat tashkiloti bo‘lishi yoki davlat tomonidan boshqarilishi mumkin emas;

MDH mamlakatlarida ijtimoiy tadbirkorlikka alohida e’tibor berilmaydi.

Ijtimoiy korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning namunali misoli bo‘lib o‘ziga xos rivojlanish yo‘li va davlat ko‘magining mukammal tizimiga ega Janubiy Koreya tajribasi hisoblanadi.

Janubiy Koreyada ommaviy ishsizlik va turmush darajasining tushib ketishiga sabab bo‘lgan 1997 yilda vujudga kelgan Osiyo moliyaviy inqirozi mamlakatda ijtimoiy tadbirkorlikning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ldi. Aynan o‘sha paytda mamlakat rahbariyati Koreyada deyarli bo‘lmagan notijorat tashkilotlar va ijtimoiy korxonalarga murojaat etish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Mazkur sohani boshidan yaratishga to‘g‘ri kelgan. Tayyorgarlik davri deyarli o‘n yil davom etgan va faqat 2007 yildagina puxta ishlab chiqilgan “Ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida”gi Qonun va ijtimoiy tadbirkorlik bilan bog‘liq to‘liq dasturlar paketi qabul qilingan.

Qonun ijtimoiy tadbirkorlik tushunchasiga aniq ta’rif berib, unga ko‘ra ushbu faoliyat ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga yoki aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ish o‘rinlari bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha tadbirkorlik faoliyati turlarini o‘z ichiga oladi.

Amaldagi qonunchiligimizda “ijtimoiy tadbirkorlik”ning huquqiy tushunchasi aniq belgilanmagan. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining alohida qarorlari bilan nodavlat maktabgacha ta’lim, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mahsulot va jihozlar ishlab chiqarish, shuningdek ruhiy buzilishlardan aziyat chekayotgan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish bilan bog‘liq tibbiy faoliyat sohalari uchun imtiyoz va qulayliklar, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilgan.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi PQ-3606-son qarori bilan ruhiy holati buzilgan shaxslarning, shu jumladan, nogironlarning mehnat terapiyasi, ularni yangi kasblarga o‘qitish va ishga joylashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi psixiatriya muassasalari hududida davlat-xususiy sheriklik shartlarida davolash-ishlab chiqarish korxonalari tuzilishi belgilangan.

Mazkur davolash-ishlab chiqarish korxonalari 2018 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 yanvargacha yer solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va mulk solig‘idan, shuningdek, yagona soliq to‘lovidan ozod qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi 
PQ–3651-son qaroriga asosan, davlat-xususiy sherikchiligi shartlarida tashkil etilgan maktabgacha ta’lim nodavlat muassasalari tegishli bojxona va soliq to‘lovlaridan ozod etilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 iyundagi PQ–3782-son va 2018 yil 20 iyundagi PQ–3787-son qarorlari bilan:

protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchilarga, Brayl alifboli kitob va boshqa bosma materiallar, imkoniyati cheklangan bolalarga o‘quv va badiiy adabiyotlarni chop etuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga;

mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlarining kamida 30 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘n olti yoshga to‘lmagan bolalari yoki nogironligi bo‘lgan bolalari bo‘lgan yolg‘iz shaxslar, jazoni ijro etuvchi muassasalardan ozod etilgan shaxslar, odam savdosi qurbonlari, o‘qishni tugatgandan keyin 3 yil oshmagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari, “Mehribonlik” uylarining 30 yoshga yetmagan bitiruvchilari tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli imtiyoz va qulayliklar berilgan.

Mazkur imtiyoz va qulayliklarga bojxona va soliq imtiyozlari, shuningdek xaridor tomonidan investitsion va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki ob’ektlarini “nol” xarid qiymatida sotish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlov savdolari natijalariga ko‘ra, tanlov savdolarining boshqa ishtirokchilari bilan uning takliflari o‘rtasida teng sharoitlar yuzaga kelgan hollarda bitimni tuzish bo‘yicha ustuvorlik huquqi, davlat mulki ob’ekti uchun ijara to‘lovini ushbu ob’ektga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida belgilash kiradi.

Ishsizlikka qarshi kurashishda, shuningdek ijtimoiy foydali tovarlar 
va xizmatlarni ishlab chiqarishda rag‘batlantiruvchi omil sifatidagi ijtimoiy tadbirkorlikning dolzarbligini hisobga olgan xolda, quyidagi masalalarni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq:

ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qamrab oluvchi dastur ishlab chiqish va qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish;

mazkur sohadagi xorijiy tajribani hisobga olgan holda “ijtimoiy tadbirkorlik”ning huquqiy tushunchasini belgilash. Xususan, bunda ijtimoiy korxonalar ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishini, aholining ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ish o‘rinlari yaratishi, daromadining 50 foizdan ko‘pini korxona egalariga taqsimlamaslik, daromadlarni asosan ijtimoiy tadbirkorlikning asosiy maqsadiga yo‘naltirish uchun investitsiya qilishi lozimligini belgilash;

ijtimoiy tadbirkorlikni kengaytirish maqsadida, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj qatlamlari o‘rtasida targ‘ib qilish;

maslahat berish, jamoatchilik va ishbilarmon doiralarni ijtimoiy tadbirkorlikning afzalliklari haqida xabardor qilish, davlat xaridlariga ijtimoiy korxonalarni jalb etishni rag‘batlantirish;

ijtimoiy yo‘nalishdagi tadbirkorlarni o‘qitish bo‘yicha kurslarni tashkil etish va oliy ta’lim muassasalarida yangi yo‘nalishlarni joriy etgan holda ijtimoiy biznesni samarali yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

qisman moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yoki investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini taqdim etish orqali muvaffaqiyatli ijtimoiy tashabbuslarni rivojlantirishga ko‘maklashish.

Otabek XOJANYaZOV,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 
Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i