Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tadbirkorlik — aholi bandligini taʼminlashning yangi mexanizmi sifatida ahamiyatlidir
16:20 / 2020-09-11

Butun insoniyat qatori xalqimiz ham bugun katta sinovni boshidan oʻtkazmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.


Butun insoniyat qatori xalqimiz ham bugun katta sinovni boshidan oʻtkazmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi. 

Boisi koronavirus kasalligining yer yuzi boʻylab keng tarqalishi dunyoda tibbiyot, savdo-sotiq va iqtisodiyot sohalarida jiddiy muammolarning yuzaga keltirishi ortidan ishsizlar sonining keskin ortishiga sabab boʻldi.

Ayniqsa, bugungi pandemiya koʻplab mamlakatlar qatori Oʻzbekistonda ham ijtimoiy sohada amalga oshirilishi zarur boʻlgan juda koʻp masalalar, xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarning muammolarini hal etishdek muhim vazifalarni kun tartibiga olib chiqdi.

Albatta, karantin davrida yurtimizdagi hech bir oila, hech bir fuqaro Prezidentimiz hamda davlatimizning eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolgani yoʻq. Xususan, Oʻzbekistonda karantin paytida yoʻlga qoʻyilgan “temir daftar” tizimi mamlakatimizdagi kam taʼminlangan oilalar, yakka-yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan, doimiy ishsiz qolgan hamda ogʻir epidemologik hududlardan qaytarib kelingan fuqarolarga har tomonlama yordam berishda muhim asos boʻldi.

Qolaversa, Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan pandemiya sharoitida “temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj 400 mingdan ortiq oilalardagi 1,7 million aʼzolarining har biriga 220 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam puli berildi. Ushbu maqsad uchun esa respublika byudjetidan 380 milliard soʻm ajratildi.

Shuningdek, joriy yil Qurbon hayiti bayrami arafasida joylardagi “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari orqali 220-250 ming oilaga respublika byudjetidan jami 200 milliard soʻm ajratildi. Buning natijasida esa 1 milliondan ortiq aholi naqd pul, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon bilan taʼminlandi.

Eng muhimi, xalqimiz ham davlatimizning koronavirus kasalligiga qarshi kurashish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga har tomonlama koʻmak berish borasidagi ezgu saʼy-harakatlari va chora-tadbirlariga nisbatan yuksak ijtimoiy birdamligini namoyish etdi.

Biroq tan olish lozimki, davlatimiz va homiylar tomonidan beriladigan moddiy va ijtimoiy yordamlar bilan jamiyatda kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalarning muammolarini toʻla hal qilib boʻlmaydi. Albatta, bunday sharoitda ishsizlikka qarshi kurashish, ayniqsa, aholining ehtiyojmand qatlami bandligini taʼminlash, ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish sohasini ragʻbatlantirish zarur. Buning uchun ijtimoiy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish va bu sohani rivojlantirish muhim omil hisoblanadi.

Toʻgʻri, shu vaqtga qadar mamlakatimiz qonunchiligida “ijtimoiy tadbirkorlik”ning huquqiy tushunchasi aniq belgilanmagan edi. Shu sababli yangi ishlab chiqilgan “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi esa ijtimoiy sohadagi juda koʻp masalalarga yechim boʻlishi bilan ahamiyatlidir.

Avvalo shuni aytish kerakki, ijtimoiy tadbirkorlik – yuridik shaxslar yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholini muayyan ijtimoiy muammolari va ularning oqibatlarini yengillashtirish yoki hal qilishga qaratilgan faoliyat turi hisoblanadi. Aniqroq aytganda, ijtimoiy korxonaga asosiy ishchi kuchi sifatida aholining ijtimoiy zaif qatlami vakillari, nogironligi boʻlgan shaxslar jalb etiladi. Shu sababli ijtimoiy tadbirkorlik katta foydaga yoʻnaltirilgan biznes emas, balki davlatning ijtimoiy himoya choralarini davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlik subyektlariga yoʻnaltirilganligi bilan ahamiyatlidir.

Eʼtiborlisi, yangi qonun loyihasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlari degan tushuncha qoʻllanilib, unga bozor sharoitida tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda yoki mehnat bozorida ish topishda qiyinchilikka duchor boʻlayotgan yoxud oʻzgalarning koʻmagiga muhtoj shaxslar deya taʼrif berilgan.

Jumladan, bunday qatlam tarkibiga I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar, nogiron, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, ijtimoiy ahamiyatga molik boʻlgan kasalliklar va atrofdagilar uchun xavf tugʻdiradigan xastaliklarga chalingan shaxslar, qaramogʻida 16 yoshga toʻlmagan yoki nogironligi boʻlgan bolalari boʻlgan yolgʻiz shaxslar kiritilgan.
Shuningdek, ushbu roʻyxatdan oʻqishni tugatgandan keyin 3 yil oshmagan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilari, “Mehribonlik” uylarining 30 yoshga yetmagan bitiruvchilari, jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan shaxslar, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va yolgʻiz yashovchi keksalar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslar ham oʻrin olgan.

Mazkur tashabbus natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ijtimoiy adolatni taʼminlash — ijtimoiy tadbirkorlikning asosiy prinsiplari sifatida belgilangan. Shu bilan birga davlat ijtimoiy korxonaning faoliyatini ragʻbatlantirish orqali aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratishi ham eʼtiborga molik masala hisoblanadi.

Ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining eng muhim maqsadlaridan yana biri, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini ish oʻrinlari, ijtimoiy tovarlar va xizmatlar bilan taʼminlash, ularni dori vositalari yoki ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar bilan oʻz tannarxida yoxud tannarxidan past boʻlgan narxlarda taʼminlashdan iborat.

Bundan tashqari, qonun loyihasida tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va favqulodda xususiyatga ega boʻlgan boshqa holatlarni bartaraf etish ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining alohida yoʻnalishlaridan biri etib belgilangani eʼtiborga molik.

Bu bejiz emas albatta. Boisi ayni paytda butun dunyodagi pandemiya bilan bogʻliq qaltis vaziyat sababli koʻplab mamlakatlarda ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan tovar va mahsulotlar, ayniqsa, tibbiy vositalar va dori-darmonlarga talab kutilmaganda oshib ketishi kuzatildi. Eʼtiborlisi, shunday paytlarda aholining birlamchi mahsulotlarga boʻlgan talabini yetarli darajada qondirish, yetishmovchilikning oldini olishning eng qulay usuli ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisoblanadi.

Mazkur qonun loyihasida aytib oʻtilganidek, davlatimiz tomonidan ijti­moiy loyihalar uchun investitsiyalar jalb qilishda qulay shart-sharoit­lar yaratish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning aniq mexanizmi ham ishlab chiqil­moqda. 

Xususan, davlat tomonidan ijtimoiy tadbirkorlar va kor­xonalarga imtiyozlar va peref­rensiyalar taqdim etiladi. Yaʼni davlat mulki obyektlarini yoki ularga boʻlgan mulkiy huquqlarni imtiyozli yoki “nol” qiymat boʻ­yicha beriladi. Soliqlar va boj­xona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar taqdim etiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish, mazkur sohaga keng yoʻl ochish mamlakatimizda ishsizlikka barham berishi, ayniqsa, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari vakillari bandligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Rahmat MAMATOV,
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri