Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy soliq summasi kamaytirilishi mumkin
17:16 / 2023-02-03

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi hamda “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, Soliq kodeksining 408-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan, savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun amaldagi tartib saqlab qolingan holda ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizida to‘lanishi, boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytirilishi belgilanmoqda.    

Shu bilan birga, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasi ikkinchi qismiga kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, fuqarolarning tomorqa yer uchastkasi maydoni hamda chorva va parranda bosh soniga qo‘yilgan talablar chiqarib tashlanib, faoliyat turlari kengaytirilmoqda.  

Xususan, chorvachilik, issiqxona, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’iy nazar, ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etilishi belgilanmoqda.    

Muhokamalarda qo‘mita a’zolari qonun loyihasini muhokama qilib, o‘z takliflarini bildirdi.    

O‘zA