Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2025-yilda bajarilishi yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, hisobot davrida yalpi ichki mahsulot hajmi 107,7 foizga oshib, 147,1 mlrd. dollarga yetgan. Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat 106,8 foizga, qurilish 114,0 foizga, xizmatlar 108,5 foizga, qishloq xo‘jaligi 104,4 foizga o‘sgan. Respublikada yaratilgan yalpi ichki mahsulot hajmi 1 849,7 trln. so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 314,2 trln. so‘mga ko‘paygan.

Deputatlar Davlat dasturi ijrosida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar 180,3 trln. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,2 foizga ko‘payganini alohida e’tirof etdi. Bu partiya elektorati manfaatlari himoyasida muhim ekanligi ta’kidlandi.
Xalq vakillari Dastur ijrosi bo‘yicha sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’limga qamrov ko‘rsatgichlari, bandlik va kambag‘allik yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar, yakuniga yetmay qolgan masalalar bo‘yicha mas’ullarga savollar bilan murojaat qildi.

Xususan, fraksiya a’zosi Dilbar Mamajonova bugungi kunda maktab yoshiga yetgan nogironligi bor bolalarning 82 foizi ta’lim jarayonlariga qamrab olinganini qayd etib, qolgan bolalarni ham ta’lim jarayonlariga qamrab olish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qanday ishlar qilayotgani haqida ma’lumot so‘radi.
Vazirlik mas’ulining aytishicha, uyda ta’lim olayotgan bolalar uchun “uydatalim.uz” platformasi ishlab chiqilgan. Bugungi kunda mazkur platforma yanada takomillashtirilayotgani, onlayn mentor va dars jarayonlari monitoringini olib borish yo‘lga qo‘yilayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, deputat Anvarxon Temirov mehnat migrantlarini davlat tomonidan ishga joylashtirish masalalariga urg‘u qaratdi. 29 ta davlat tomonidan 343 mingta ish o‘rni taklif etilgani, 205 mingdan ortiq fuqaro ishga yuborilganini qayd etgan holda Yevropa davlatlariga davlat tomonidan ishga yuborish bo‘yicha shartnomalar tuzishga qanday to‘siq bor, deya Migratsiya agentligiga yuzlandi. Bunga javoban agentlik tomonidan bir qator davlatlar bilan mehnatga oid shartnomalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Qizg‘in savol-javob va muhokamalardan so‘ng Hukumat hisoboti ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA