Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlari holati tekshirildi. Ishchi guruh aholi turmush darajasini yuksaltirish, ta’lim va boshqa ijtimoiy muassasalarni mavsumiy sharoitlarga tayyorlash hamda fuqarolar uchun qulayliklar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘rganishlar Bojxona qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Nasirov rahbarligidagi ishchi guruh ishtirokida amalga oshirildi.

Ishchi guruh faoliyati davomida tuman dehqon bozorida fuqarolar uchun yaratilgan savdo va sanitariya sharoitlar ko‘zdan kechirildi, oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini ko‘paytirish va narx barqarorligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, tumanda elektr ta’minoti tizimi tekshirildi. Uzatish tarmoqlari rekonstruksiya qilingani, yangilangan transformatorlar va taqsimlash stansiyalarida tayyorgarlik ishlari o‘rganildi.

Ishchi guruh Chortoq, Ahillik, Sohilobod va Ibrat mahallalaridagi umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. O‘rganish jarayonida isitish tizimlari ishchi holatga keltirildi, ta’lim jarayoni uchun qulay muhit yaratildi, ehtiyot qismlar va yoqilg‘i zaxirasini shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ishchi guruh Ahillik va Ibrat mahallalarida aholi tomorqa yerlarini sug‘orish uchun qazilgan tik quduqlarning texnik holatini ham tekshirdi. Quduqlarning doimiy faoliyati va suv ta’minotini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar belgilandi va tuman mas’ullariga aniq topshiriqlar berildi.

Dastlab tumanda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Ro‘yxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik jarayoni tahlil qilindi va kelgusida bajarilishi zarur vazifalar belgilab olindi.
O‘rganish yakunida sohalar bo‘yicha belgilangan vazifalarni qisqa muddatlarda amalga oshirish va aniq natijalarga erishish zarurligi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri