French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir bilan ta’minlash rejasi muddatidan avval bajarildi
20:17 / 2021-08-16

16 avgust kuni Energetika vazirligi va “O‘zbekko‘mir” AJ hamkorligida OAVlari vakillari uchun “Angren” ko‘mir koniga press-tur tashkil etildi.

Jamiyat mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda "O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

"O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Vladimir Kuznetsov ta’kidlaganidek, yurtimiz aholisi va iqtisodiy tarmoqlariga ko‘mir yetkazib berish borasida belgilangan rejalarni o‘zi vaqtida bajarish choralari ko‘rilmoqda.

– Shu talablar asosida 2021/2022 yillar kuz-qish mavmumi uchun respublika ijtimoiy soha ob’ektlarini ko‘mir bilan ta’minlash rejasi “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan muddatidan 15 kun avval bajarildi, – dedi V.Kuznetsov. – Byudjet iste’molchilariga rejadagi 450 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi hududlardagi ko‘mir omborlariga to‘liq yuklab yuborildi. Bu o‘tgan yilgi rejaga nisbatan 35 ming tonnaga ko‘pdir.

Aytish joizki, “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan joriy yilda tasarrufdagi konlardan 4,45 million tonna ko‘mir qazib olish, iste’molchilarga 4,8 million tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan. Jumladan, issiqlik elektr stansiyalariga 3,3 million tonna, aholiga 940 ming tonna, ijtimoiy soha tashkilotlariga 450 ming tonna, iqtisodiyotning real sektoriga 0,1 million tonnadir.

Yilning o‘tgan yetti oyi davomida konlardan 2,6 million tonna ko‘mir qazib olindi. Bu rejaga nisbatan 103,6 foizni tashkil qiladi. 16 avgust kuni ijtimoiy soha ob’ektlariga mo‘ljallangan ko‘mirning so‘nggi tonnalari vagonlarga yuklanadi.

Iste’molchilarga ko‘mir yetkazib berish uchun yoqilg‘ini qazib olishning o‘zi kifoya qilmaydi. Ko‘mirni saralash, yuklash, jo‘natishdek murakkab jarayonlar ham borki, ularni takomillashtirmay turib, iste’molchini rozi qilish mumkin emas.

[gallery-3451]

− Biz 16-bo‘limda yangi ko‘mir yuklash punktini qurib ishga tushirdik. Natijada byudjet tashkilotlari uchun sutkasiga 5 ming tonnagacha yoqilg‘i yuklash imkoniyati vujudga keldi, − dedi “Angren” ko‘mir koni filiali bosh texnologi Muzaffar Hakimov.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, shu paytgacha konda atigi ikkita ko‘mir yuklash punkti mavjud bo‘lib, barcha iste’molchilarga mahsulot ana shu punktlardan yuklanar edi. Bu hol ish jarayonida tig‘izlikni keltirib chiqarar, boz ustiga mahsulot konveyerdan-konveyerga o‘tib, sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatar edi.

Yuklash jarayonidagi yangilikning afzalligi shundaki, ko‘mir qazilma joyidan avtomobil transportida yangi punktga olib kelinmoqda va to‘g‘ridan-to‘g‘ri vagonlarga yuklanayapti. Bunda vaqt tejalmoqda, mahsulot sifati ham yaxshi saqlanadi.

E’tiborlisi, yangi punktda ko‘mir faqat ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi ehtiyojlari uchun yuklanadi. Bu esa vagonlarning uzoq turib qolishining oldini olmoqda va iste’molchilar uchun mahsulotni o‘z vaqtida yuklab jo‘natish imkonini bermoqda.

Ko‘mir mahsuloti iste’molchilarga “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi 96 ta hududiy ko‘mir ombori orqali tarqatilmoqda.

− Joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik tadbirlariga vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar har qachongidan ko‘ra barvaqt kirishdilar. Natijada byudjet tashkilotlari bilan ko‘mir mahsulotlar yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan vagonlar o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Energetika vazirligi ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha hukumat tomonidan tasdiqlangan rejalarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishi uchun barcha zarur yordamlarni ko‘rsatmoqda. Natijada respublika umumta’lim maktablarini 241,5 ming tonna, maktabgacha ta’lim muasasalarini 87,8 ming tonna, sog‘liqni saqlash muassasalarini 64,8 ming tonna, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasalarini 6,3 ming tonna, madaniyat muassasalarini 6,3 ming tonna, turizm ob’ektlarini 3,7 ming tonna ko‘mir bilan 1 sentyabrga qoldirmay, muddatidan avval to‘la ta’minlashga erishdik, − dedi “Ko‘mir ta’minot” MCHJ bosh direktori G‘olib Eshonchayev.

Ayni kunlarda respublika aholisini ko‘mir bilan ta’minlash ishlari ham boshlab yuborildi. Joriy yil kuz-qish mavsumi uchun aholiga 985 ming tonna ko‘mir yetkazib beriladi. Aholi uchun mo‘ljallangan ko‘mirning 705 tonnasi mahalliy, 280 ming tonnasi import ko‘mirni tashkil etadi.

Uchrashuvdan so‘ng ishtirokchilar "Angren" ko‘mir koni faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA