Mamlakatimizda uy xo‘jaliklari keng ko‘lamda energiya tejamkor texnologiyalarga o‘tmoqda. Energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan yechimlarning keng joriy etilishi natijasida uy xo‘jaliklarining qariyb 90 foizi energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan kamida bitta chora-tadbirni amalga oshirgan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, ijobiy o‘zgarishlardan biri uy xo‘jaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish bo‘ldi.
Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘lib, uy xo‘jaliklarining 87 foizi svetodiodli yoritishga o‘tgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90 foizdan oshdi.
Uy xo‘jaliklarining 44 foizi, ayniqsa, Qashqadaryo (84 foiz), Buxoro (69 foiz) va Xorazm (54 foiz) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan.
Shuningdek, 31 foiz uy xo‘jaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60 foiz), Navoiy (59 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (54 foiz) kuzatildi.
Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.
Quyosh panellarini o‘rnatgan uy-xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini ko‘paytirishga qiziqish bildirgan.
Tahlil shuni ko‘rsatadiki, aholi o‘rtasida taxminan 1,9 mln. uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjud, bu esa qiymati 2,3 mlrd. dollardan ortiq ichki bozorni shakllantirish istiqbollarini ochadi.

Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo‘lgan gaz kotellari va qo‘lbola pechkalardan foydalanilishi natijasida yuqori energiya iste’moli saqlanib qolmoqda.
Binolarning energiya samaradorligini oshirishdagi salohiyat
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar, jumladan, tashqi devorlarni izolyatsiyalash, isitish tizimlarini yangilash, eskirgan eshik va derazalarni almashtirish natijasida mamlakatning ko‘p xonadonli uy-joylarida yiliga 60 mln. dollardan ortiq elektr energiyasi, tabiiy gaz hamda issiqlik energiyasini tejash imkonini beradi.
Jahon bankining hisob-kitoblarga ko‘ra, ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan, sog‘liqni saqlash muassasalari, maktabgacha ta’lim muassasalari va davlat maktablarida ham shunday salohiyat mavjud. Ushbu ob’ektlarga energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan maqsadli investitsiyalar kiritilishi orqali energiya iste’molini 20-50 foizga tejash va iste’molni yiliga 7,1 mlrd kVt/soatgacha qisqartirish mumkin.
Shu tariqa, mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA