Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib, o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Uchrashuvlar davomida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka yetkazilmoqda. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan loyihasi yuzasidan saylovchilar taklifi va fikrlarini o‘rganishga e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, deputatlar Sevara Ubaydullayeva hamda Ravshan Fozilov Toshkent shahridagi Olmazor tumanidagi bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati bilan tanishdi. Tumandagi 21-sonli oilaviy poliklinikada bo‘lgan xalq vakillari tibbiyot muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar, dori-darmon ta’minoti va aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy xizmat sifatini ko‘zdan kechirdi.
Tibbiyot xodimlari bilan suhbat chog‘ida sohani raqamlashtirish, patronaj xizmatining samaradorligi va kasalliklarni erta aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, deputatlar 315-sonli umumta’lim maktabida ham bo‘lib, ta’lim dargohidagi o‘quv jarayonlari, sinfxonalarning jihozlanishi va o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati bilan qiziqdi. Maktab jamoasi va ota-onalar bilan kechgan samimiy muloqotda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda maktab infratuzilmasini yanada yaxshilash borasidagi takliflar o‘rganildi.
Bundan tashqari, parlament vakillari tumandagi “Ahil” va “Elparvar” MFYlariga ham bordi. “Mahalla yettiligi” bilan o‘tkazilgan muloqotlarda hududdagi ijtimoiy muhit, aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.

Uchrashuvlar davomida aholi tomonidan ko‘tarilgan bir qator masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, yechimi vaqt talab qiladigan murojaatlar esa deputatlik nazoratiga olindi.
Deputatlarning joylardagi uchrashuvlari davom etmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA