Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy shartnoma kambagʻallikni kamaytirish mexanizmi sifatida
19:28 / 2020-10-21

Shu bilan birga, yoshlar va xotin-qizlar yoʻnalishlari boʻyicha “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” roʻyxatlarini shakllantirish jarayonida ijtimoiy shartnoma tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiqligi ham belgilab qoʻyildi.

Qashshoqlikni tugatish, kambagʻallikka qarshi kurashish, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash texnologiyalariga hukumat tomonidan ijtimoiy shartnomalarga koʻproq eʼtibor qaratish zarurligi mamlakat rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 8-oktyabr kuni “Jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari” yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida tilga olindi.

Shu bilan birga, yoshlar va xotin-qizlar yoʻnalishlari boʻyicha “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” roʻyxatlarini shakllantirish jarayonida ijtimoiy shartnoma tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiqligi ham belgilab qoʻyildi. Aholini qoʻllab-quvvatlashning bunday shakli Yevropaning koʻplab rivojlangan davlatlarida oqilona yoʻlga qoʻyilgan va koʻpgina oilalar va alohida shaxslarni inqirozdan olib chiqish boʻyicha ijobiy tajribaga ega. Bugungi kunda dunyo amaliyotida ijtimoiy shartnomaga qiyin iqtisodiy vaziyatga tushib qolgan kishilarning ushbu vaziyatdan chiqib ketishini ragʻbatlantiradigan mexanizm sifatida qarash shakllangan. Ushbu mexanizmning mohiyati davlat va fuqarolar oʻrtasida oʻzaro harakatlarning yakka tartibidagi yoʻnalishini belgilash maqsadida tuzilgan bitimdir.

Muayyan mamlakatda keng qamrovli shiddatli islohotlar davrida (ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda) aholining kattagina qismining maʼlum vaqt oraligʻida ijtimoiy-iqtisodiy holatining tushib ketishi, kambagʻallik darajasining ortishi tufayli jamiyat hayotida keskinlik, noroziliklarning ortishi kuzatiladi. Ushbu holatda ijtimoiy shartnomalar tizimi jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlaydigan va boʻlishi mumkin boʻlgan ziddiyatlarni oldini olishning kafolati sifatida namoyon boʻladi.

Shu oʻrinda haqli savollar tugʻiladi: Ijtimoiy shartnoma” oʻzi nima? Uning asosiy tamoyillari nimalardan iborat? Nima uchun bu masalaga hukumat doirasida bu darajada katta eʼtibor qaratilmoqda?

Klassik shakldagi “ijtimoiy shartnoma” tushunchasi Tomas Gobbs, Jon Lokk va Jan Jak Russo tomonidan talqin etilgan. Ularning nuqtai-nazaricha. ijtimoiy shartnoma fuqarolarning mulk huquqi va xavfsizligini yoki jamiyat neʼmatlarini taqsimot tengligini oʻrnatish uchun zarur boʻlgan meʼyor hisoblangan.

Ijtimoiy shartnomalar maxsus adabiyotlarda ijtimoiy guruhlar oʻrtasidagi bir-birlariga boʻlgan huquq va majburiyatlar toʻgʻrisidagi rasmiy va norasmiy kelishuvlar toʻplami sifatida belgilanadi. (Makarkin, 2011, McCandless, 2018).

Zamonaviy talqinda. ijtimoiy shartnoma - bu kambagʻal fuqaro bilan ijtimoiy taʼminot muassasalari oʻrtasida unga va uning oilasiga davlat tomonidan ijtimoiy toʻlovlarni naqd toʻlovlar, ijtimoiy xizmatlar yoki eng muhim tovar (yoqilgʻi, oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, dori-darmon) shaklida berish boʻyicha oʻzaro majburiyatlar toʻgʻrisidagi bitim.

Rossiyalik tadqiqotchi V.A.Vasilyev nuqtai-nazaricha (Vasilyev V.A. Identifikatsiya problemы bednosti v sovremennыx rossiyskix usloviyax: sotsiologicheskiy analiz. M., 2004. S 24) “kambagʻallik diskursi” - demografiya, jamoat tartibi, shuningdek, shaxsiy xavfsizlik va davlatning siyosiy barqarorligiga tahdid, kambagʻallikni umumbashariy muammoga aylanish muammosi sifatida tavsiflanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining maʼlumotiga koʻra (2020-yilning 1-iyul holatiga), Oʻzbekiston aholisining 12-15 foizi, yaʼni 4-5 millioni kambagʻal. Bu esa ularning har yettinchisidan biri kambagʻal ekanligini bildiradi. Bunday holda, ijtimoiy shartnoma kambagʻal oilalar va qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan, oʻz muammolarini mustaqil ravishda oʻzi hal qilish imkoniyatiga ega boʻlmagan, aksariyat hollarda jamiyatning iqtisodiy hayotida oʻz oʻrnini topa olmaydigan, koʻpincha oʻzlarini taʼminlashga qodir boʻlmagan va davlatdan faqat moddiy yordam kutayotgan fuqarolarga qaratilishi lozim boʻladi.

Ijtimoiy shartnomaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- ijtimoiy tizimdan yetarlicha mustaqillikka ega boʻlish va jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etish uchun benefitsiar (koʻmak oluvchi) va uning bevosita sotsial muhiti (oilasi) ni ijtimoiy va kasbiy qayta integratsiyalashuviga imkon berish;

- kishining eng yaqin oila aʼzolari, jumladan, farzandlarining bunday masʼuliyatni ertaroq anglashi va oʻz zimmalariga olishiga imkon berish;

- davlat oʻz fuqarolari oldida majburiyatlarga ega boʻlishi va uni bajarishini, fuqarolarning oʻzlarini ham jamiyatga kuchli yordam koʻrsatishlari zarurligini ularga tushuntirish;

- qisqa muddatlarda munosib uy-joyga ega boʻlish, tibbiy yordam, psixologik va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash orqali fuqaroning jamiyatga barqaror integratsiyasini taʼminlash;

- yaqin istiqbolda kishini toʻliq mustaqil qilish, xususan, munosib haq toʻlanadigan ishga joylashtirish.

Oʻzbekiston sharoitida ijtimoiy shartnoma tajribasini innovatsion texnologiya sifatida tadbiq etish zaruriyatidan kelib chiqiladigan boʻlsa, u holda bu mexanizmning mazmun-mohiyati, tamoyillari, vazifa va funksiyalari ilmiy-metodologik jihatdan tadqiq etilishi, normativ-huquqiy asoslari qisqa fursatlarda ishlab chiqilishi, bu borada ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va ularni Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish, eksperiment (tajriba sinov) asosida mamlakatimizning ayrim hududlarida joriy etish masalalari kun tartibiga chiqmoqda.

Xorijiy davlatlarning ijtimoiy shartnomalar borasidagi tajribalarini tahlil qilish orqali jamoatchilikda ijtimoiy shartnoma texnologiyasining mazmuni toʻgʻrisida muayyan tasavvurni shakllantirish maqsadida bu faoliyatni qanday tashkil etish toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berishni maʼqul koʻrdik.

Ijtimoiy shartnoma kelishuviga muvofiq, aholini ijtimoiy himoya qilish organi (tegishli huhuddagi) davlat ijtimoiy yordamini koʻrsatishni oʻz zimmasiga oladi va benefitsiar (koʻmak oluvchi) lar shartnomada nazarda tutilgan ijtimoiy moslashuv dasturining tadbirlarini amalga oshirish majburiyatlarini oʻz zimmalariga oladilar. Ijtimoiy shartnoma orqali davlat kambagʻallikdan chiqish uchun faol va kuchli ragʻbatga (motivga) ega boʻlganlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Shunday qilib, ijtimoiy shartnoma kam daromadli odamlarning ijtimoiy qobiliyati va salohiyatini faollashtirishga yordam beradi. Shartnomaning maqsadi kam daromadli fuqarolarga doimiy mustaqil daromad manbalari orqali yuqori turmush darajasiga erishishda koʻmak berishdir.

Ijtimoiy shartnoma asosida davlat tomonidan ijtimoiy yordam koʻrsatishning yangi texnologiyasi, ushbu yordamni koʻrsatishning amaldagi tartibidan farqli oʻlaroq, qiyin hayotiy vaziyatdan chiqish uchun fuqaroning faol harakatlarini koʻzda tutadi. Shu bilan birga, bu yangi texnologiyani oʻzini oʻzi boshqarish organining bevosita ishtirokisiz amalga oshirish mumkin emas. Ijtimoiy shartnoma keng tadbiq qilingan davlatlarda ushbu dasturni amalga oshirish natijalari tuman (shahar), oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlarining faoliyatini baholashda hisobga olinadi.

Ijtimoiy shartnomalar tizimini qoʻllashdan kutilayotgan natijalar quyidagilar:

- davlat tomonidan ijtimoiy yordam oluvchilarning mehnat qobiliyati va salohiyatini roʻyobga chiqarish;

- kambagʻal, kam taʼminlangan, qiyin iqtisodiy vaziyatga tushgan fuqarolarning turmush darajasi va sifatini koʻtarish;

- kam taʼminlangan oilalar aʼzolarini ijtimoiy reabilitatsiya qilish;

- koʻmak oluvchilarning ijtimoiy javobgarligini kuchaytirish, ularning qaramlikka boʻlgan xulq-atvor motivlarini kamaytirish.

Bunday majburiyatlarga qandaydir haq toʻlanadigan ishlarni bajarish yoki qoʻshimcha taʼlim olish, masʼuliyatli ijtimoiy xulq-atvorlar kiradi.

Davlat ijtimoiy yordamini koʻrsatishning yangi texnologiyasini tatbiq etishning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

- ixtiyoriy ishtirok etish;

- ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish majburiyati;

- ijtimoiy shartnoma shartlarini belgilashda individual yondashuv;

- ijtimoiy yordam koʻrsatishning maqsadli xususiyati.

Rossiya Federatsiyasida ijtimoiy shartnoma bitimi tuzish sharoitida oʻrtacha oilaviy daromadlari jon boshiga hududdagi oʻrtacha daromadning yarmi yoki undan kam boʻlgan farzandli oilalar, mehnatga layoqatli, lekin ishlamaydigan farzandlari boʻlgan va nogironligi bor boʻlgan oilalar kiritiladi. Ijtimoiy moslashishga moʻljallangan maqsadli nafaqa miqdori hududdagi aholi jon boshiga tushadigan eng kam yashash darajasi bilan ijtimoiy shartnoma tuzgan fuqaro oilasining jon boshiga oʻrtacha daromadlari oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.

Ijtimoiy moslashuv uchun manzilli nafaqa tayinlash uchun fuqaro yashash joyidagi ijtimoiy himoya organiga belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat qiladi, oilaviy va moddiy ahvoli toʻgʻrisidagi soʻrov varaqasini toʻldiradi. Arizaga oiladagi barcha voyaga yetgan shaxslarning yozma ravishdagi roziligi ilova qilinishi lozim boʻladi.

Ijtimoiy himoya organlari xodimlari ariza beruvchi fuqaro bilan suhbat davomida “Suhbat varaqasi” ni toʻldirishadi. Unga ariza bilan murojaat etuvchining oiladagi muammolari, qiyin hayotiy vaziyatdan chiqish imkoniyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlari kiritiladi. Aholini ijtimoiy himoya qilish organi fuqaro tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni tekshirib koʻrishi talab etiladi.

Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar qoʻshimcha tekshiruv (komissiya soʻrovi) yordamida tekshirilishi mumkin, natijada kambagʻal oilaning yashash sharoitlarini moddiy-maishiy oʻrganish boʻyicha dalolatnoma tuziladi.

Fuqarolarning arizasi, oilaviy va moddiy ahvol boʻyicha soʻrovnoma, suhbat varagʻi va moddiy-maishiy tekshirish dalolatnomasi asosida ijtimoiy himoya organi xodimlari ariza beruvchining ishtirokida ijtimoiy shartnomani amal qilish davrida oilaning ijtimoiy moslashuv dasturini ishlab chiqadilar.

Olingan natijalar asosida har bir oila aʼzosiga, shu jumladan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy moslashuv uchun manzilli nafaqalar tayinlanadi va toʻlanadi. Odatiy ijtimoiy nafaqa, uning miqdoridan qatʼiy nazar, yiliga bir oydan olti oygacha boʻlgan muddatga oilaga tayinlanadi.

Ijtimoiy shartnoma 6 oylik muddatga tuziladi. Ijtimoiy himoya organlari xodimlari uni amalga oshirishning barcha bosqichlarida ijtimoiy shartnomani nazorat qilib boradilar, fuqarolar va ularning oila aʼzolari tomonidan shaxsiy ijtimoiy moslashuv dasturining bajarilishini tekshirib borishadi, natijalarga koʻra koʻrilgan choralar samaradorligini baholaydilar.

Ijtimoiy moslashishga moʻljallangan maqsadli nafaqa: shaxsiy yordamchi yoki dehqon (fermer) xoʻjaligini rivojlantirish (shaxsiy yordamchi yoki dehqon (fermer) xoʻjaligini yuritish uchun chorva mollari, parrandalar, boshqa mol-mulk sotib olish); yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish; hayotning minimal ehtiyojlarini taʼminlash (oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, dori-darmon va boshqalar); kasbiy qayta tayyorlash; bolani maktabgacha taʼlim muassasasida saqlash uchun toʻlov; ijtimoiy moslashuvning individual dasturida koʻrsatilgan boshqa maqsadlarda ishlatilishi mumkin.

Xulosa qilib aytish mumkinki, ijtimoiy shartnomani mamlakatimizda aholini kambagʻallikdan chiqarish, bandligini taʼminlash, kasbiy qayta tayyorlash, nochor iqtisodiy vaziyatdan chiqarish va bu borada ratsional qarorlar qabul qilishning mexanizmi sifatida amaliyotga tadbiq etish davri keldi.

Nodira EGAMBERDIYEVA,

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot

instituti direktori

Sobir XODJAYEV,

“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot

instituti, boʻlim boshligʻi