O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 fevralga qadar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan “yashil” toifadagi oilalar Ijtimoiy reyestrga o‘tkaziladi va bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olayotgan oilalarga to‘lovlar uzluksiz davom ettirilishi ta’minlanadi.
Qarorga ko‘ra:
a) ikki oy muddatda “YAMIH” ATda quyidagilar bo‘yicha texnik imkoniyatlar yaratiladi:
Ijtimoiy reyestrga kiritiladigan oilalarni aniqlash bo‘yicha savolnomani imzoni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari bilan (shaxsning yuzini biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi (Face-ID), elektron raqamli imzo, daktiloskopiya va boshqalar) yoki SMS-xabar bilan tasdiqlash;
manfaatdor shaxslarning Ijtimoiy reyestrni yuritish jarayonida rasmiylashtiriladigan dalolatnoma va xulosalar bo‘yicha shikoyatlarini tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi nizolarni hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashlarida ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish;
“YAMIH” AT, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali Ijtimoiy reyestrga kiritish hamda bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun murojaat qilish;
b) uch oy muddatda mazkur qarordagi raqamlashtirilmagan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini “YAMIH” AT orqali elektron taqdim etish bo‘yicha texnik imkoniyat yaratiladi. Bunda vazirlik va idoralar Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2027 yil 1 yanvarga qadar raqamlashtirilmagan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish uchun o‘z axborot tizimlarini ishlab chiqadi va amaliyotga joriy etadi.
O‘zA