Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lash tartibi joriy etiladi
15:15 / 2026-01-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lashning quyidagi tartibi joriy etiladi:

a) "davlat ta’minotidagi oila" toifasidagi oilalarga ijtimoiy xizmat va yordamlar, shu jumladan, bolalar nafaqasi va moddiy yordam ular mazkur toifada bo‘lgan davrida oila a’zolarining bandlik holatidan qat’i nazar va qo‘shimcha murojaat talab etmagan holda ko‘rsatib boriladi. Bunda oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati oila Ijtimoiy reyestrga kiritilgandan o‘n ikki oydan so‘ng qayta baholanadi, bundan oilaning holati vazirlik va idoralarning axborot tizimlari orqali o‘rganilishi mustasno; 

b) "kambag‘al oila" toifasiga kiritilgan oilalarga: 

bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam ular tayinlangan vaqtdan e’tiboran 6 oy davomida oilaning mehnatga layoqatli a’zolarining rasmiy bandligini ta’minlash sharti bilan tayinlanadi, bundan qonunchilikda oilaning mehnatga layoqatli a’zolaridan band bo‘lish talab etilmaydigan holatlar mustasno; 

mehnatga layoqatli oila a’zolarining rasmiy bandligi ta’minlanganda bolalar nafaqasi yoxud moddiy yordam qo‘shimcha murojaat talab qilmagan holda uzluksiz to‘lab boriladi; 

oilaning mehnatga layoqatli a’zolarining rasmiy bandligini ta’minlash sharti bajarilmaganda bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lash to‘xtatiladi. Bunda oila bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish uchun qayta murojaat qilganda "kambag‘al oila" toifasiga kiritilgani uchun oilaning mehnatga layoqatli a’zolarining bandligini istisno etuvchi qoida 6 oy davomida qo‘llanmaydi; 

v) "kambag‘allik chegarasidagi oila" toifasiga kiritilgan oilalarga: 

bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oilalar mazkur toifaga kiritilgan vaqtdan e’tiboran b oy davomida to‘lanadi; 

oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,25 baravarigacha bo‘lganda, ularga to‘lanadigan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamning miqdori ushbu nafaqa yoki moddiy yordamning 75 foizini, oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan jami o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1,25 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lganda esa tegishli nafaqa yoki moddiy yordamning 50 foizini tashkil etadi. 

O‘zA