Buxoro viloyati Kogon shahri Amir Temur mahallasida 2424 nafar aholi istiqomat qiladi. Ulardan 68 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘lib, shundan 5 nafari nogironligi bo‘lgan bolalar hisoblanadi.
Mahalla ijtimoiy xodimi Munavvara Rahmonova tomonidan aholining ijtimoiy holatini o‘rganish jarayonida Nazokat To‘rayeva va uning farzandi Komiljon hayotida muhim burilish yuz berdi.

– Farzandimning parvarishi doimiy e’tibor talab qiladi. Shu sababli yillar davomida uyda bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Ishlashni, odamlar bilan muloqotda bo‘lishni sog‘ingandim. Ammo, Komiljonni yolg‘iz qoldirishni istamadim, – deydi Nazokat opa.
Holat o‘rganilganidan so‘ng, ijtimoiy xodim Munavvara Rahmonova tomonidan oilaga tegishli xizmat turlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu asosda Nazokat To‘rayevaning o‘g‘li Kogon shahrida tashkil etilgan kunduzgi parvarishlash xizmatiga jalb qilindi. Endi Komiljon kun davomida mutaxassislar nazoratida bo‘ladi, turli rivojlantiruvchi mashg‘ulotlarda qatnashadi.
Farzandidan ko‘ngli xotirjam Nazokat opa 8-maktabgacha ta’lim tashkilotida hamshira lavozimiga ishga joylashdi.

– Yillar davomida o‘zimni jamiyatdan uzoqlashgan his qilardim. Endi esa yana ish jamoasida, insonlar orasidaman. Eng muhimi, farzandim ishonchli qo‘llarda. Komiljon har kuni yangi narsa o‘rganib keladi. Unga bunday imkon yaratilganidan juda minnatdorman, – deydi.
Kunduzgi parvarishlash xizmatlari nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning oilalari uchun katta qulaylik yaratmoqda. Bu orqali onalar o‘z mehnat faoliyatini davom ettirishi, oilaning turmush darajasini yaxshilashi mumkin.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Buxoro viloyati bo‘ylab jami 153 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar ushbu xizmat bilan qamrab olingan.
Zarif Komilov, O‘zA