Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash samarasi
15:33 / 2025-09-03

Buxoro viloyati Vobkent tumani “Xalach” mahalla fuqarolar yig‘inida 3365 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 79 nafarini nogironligi bo‘lgan fuqarolar tashkil etadi. 

Mahalla ijtimoiy xodimi Armon Ostonov faoliyati davomida ehtiyojmand fuqarolardan 300 ta arizani qabul qilib, ularning ijobiy hal etilishiga erishdi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun 35 ta keys ochilib, individual xizmatlar rejasi asosida yordam ko‘rsatilmoqda.

Jumladan, 2-guruh nogironligi bo‘lgan Ziyoda To‘rayeva ijtimoiy himoya tizimidan keng qamrovli qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘ldi. Fuqaro hukumat ko‘magida yangi uy-joylardan kredit asosida ta’minlandi. Ziyoda opa ishlash istagini bildirib, ijtimoiy xodimga murojaat qildi. Uning murojaati “mahalla yettiligi” tomonidan ko‘rib chiqilib, mahallaning o‘zida ishga qabul qilindi.

Bundan tashqari, xizmatlar rejasi doirasida Ziyoda opa “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi va bir qator amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Tirsakli hassa olib berildi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moddiy yordam ajratildi. Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya tayinlandi. Adaptiv sportning stol tennisi turiga jalb qilindi.

Ko‘rsatilgan bunday ko‘mak nafaqat alohida fuqarolarning ijtimoiy himoya tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda, balki mahallalarda aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shofirkon tumanida tadbirkor va defektolog Mohinur Hamrayeva tashabbusi bilan yangi kunduzgi parvarishlash xizmati faoliyat boshladi.

Mazkur markaz tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yildi. Hozirda bu yerda 15 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar parvarishlanmoqda.

 Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilgan ochilish marosimida tuman hokimi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyat boshqarmasi mas’ul vakillari, nuroniylar, ota-onalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yangi maskan nogironligi bo‘lgan bolalarga nafaqat kundalik parvarish, balki ta’limiy va ijtimoiy moslashuvga qaratilgan mashg‘ulotlarni ham taklif etadi. Bu esa ularning jamiyat hayotiga faol qo‘shilishiga yordam beradi.

Bugungi kunda viloyatning barcha shahar va tumanlarida kunduzgi parvarishlash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, jami 125 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar ushbu xizmatlardan foydalanmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.