Mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, 2026 yil 1 fevral holatiga ko‘ra, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 715 ming 849 nafarni tashkil etdi.
Mazkur ko‘rsatkichlar aholining turli toifalari qamrab olinganini ko‘rsatadi. Jumladan, 167 ming 411 nafar fuqaroga — nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar nafaqasi tayinlangan bo‘lsa, 313 ming 715 nafar fuqaro nogironlik nafaqasini olib kelmoqda.
Bundan tashqari, 71 ming 479 nafar fuqaroga parvarishlash nafaqasi, 94 ming 454 nafar fuqaroga yoshga doir nafaqa, 58 ming 246 nafar fuqaroga esa boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi tayinlangan.
Alohida e’tiborga molik jihatlardan yana biri, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar hamda yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashdir. Ushbu toifaga kiruvchi 8 ming 918 nafar fuqaroga moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, 5 ming 317 nafar fuqaroga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya tayinlangan.
1 ming 626 nafar fuqaroga oilaviy bolalar uyi va patronat uchun to‘lovlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yil yanvar oyida yangi tayinlangan nafaqa oluvchilar soni 6 ming 225 nafarni tashkil etgan.
Yuqorida keltirilgan raqamlar mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi izchil rivojlanib borayotgani, aholining ehtiyojmand qatlamlariga manzilli va samarali yordam ko‘rsatilayotganidan dalolat. Bu esa fuqarolarning turmush sifati va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Statistik ma’lumotlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA