Navoiy shahridagi ma’naviyat va ma’rifat markazida ijtimoiy profilaktika haftaligi doirasida Jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudi raisi Bahodir Aliqulov, shahar hokimi Dilshod Ergashev hamda shahar IIB boshlig‘i Ahmadali Qodirov ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Unda shahar hududidagi “Yoshlik”, “Farovon”, “Vatan” mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari hamda mazkur mahallalar hududida joylashgan oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi. Qarorga muvofiq, mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish hamda jinoyatchilikni kamaytirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim vazifalardan biri etib belgilangani ta’kidlandi.

Uchrashuvda mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, jinoyatchilikka qarshi kurashish davlat va jamiyat oldida turgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Shu bois aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sog‘lom turmush tarzi va sportga keng jalb etish, mahallalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Mahalla raislari, profilaktika inspektorlari hamda fuqarolarning takliflari tinglanib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
A. Bo‘riyev, O‘zA