Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi Mingbuloq ovulida aholining turmush darajasini oshirish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash hamda sog‘lom va huquqiy madaniyatni keng targ‘ib qilish maqsadida “Ijtimoiy profilaktika haftaligi” doirasida targ‘ibot tadbirlari olib borildi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar eng avvalo aholining hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga, har bir fuqaroning huquq va erkinligini ta’minlashga qaratilgan.

O‘tkazilgan tadbirda tuman hokimi Uchqun Yelmuratov, tuman prokurori Maqsud Ortiqov hamda tuman IIB boshlig‘i Anvar Radjapov ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda aholi o‘z murojaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarlarga yetkazish imkoniga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, aholining moddiy qiyinchiliklarini yengillashtirish maqsadida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi. Asosiy mahsulotlar bozor narxidan arzon taqdim etildi.

“Salomatlik marafoni” doirasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi. Aholiga kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ba’zi fuqarolarga esa qo‘shimcha tekshiruvlar uchun yo‘llanmalar ajratildi.

Tadbir davomida ovul hududidagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot va ijtimoiy ob’ektlar holati o‘rganildi. Aniqlangan kamchiliklar va muammolarni qisqa fursatda bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Shuningdek, “Mahalla yettiligi” a’zolari xonadonma xonadon yurib, aholiga huquqiy va ijtimoiy masalalar, jinoyatchilikning oldini olish hamda oilaviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha tushuntirishlar berdi.
Tadbir yakunida “Qizilqum” madaniyat uyi badiiy jamoalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ovul aholisi kayfiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA