Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi.
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar hamda boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarga turli nafaqalar tayinlanib, ularning turmush darajasini yaxshilashga ko‘maklashilmoqda.
2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 716 ming 507 nafarni tashkil etdi.
Jumladan, 167 ming 377 nafar fuqaroga nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar nafaqasi, 313 ming 798 nafar fuqaroga nogironlik nafaqasi, 71 ming 103 nafar fuqaroga parvarishlash nafaqasi, 95 ming 124 nafar fuqaroga yoshga doir nafaqa, 58 ming 316 nafar fuqaroga boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi to‘lab berildi.
Shuningdek, 9 ming 120 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar hamda yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy yordam, 5 ming 415 nafar fuqaroga uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya, 1 ming 669 nafar fuqaroga oilaviy bolalar uyi va patronatga olingan bolalar ta’minoti uchun to‘lovlar ajratilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yil fevral oyida yangi tayinlangan nafaqa oluvchilar soni 6 ming 116 nafarni tashkil etdi.
Bu kabi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror hayot kechirishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA