English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy masalalarga oid qonunlar muhokama qilindi
20:33 / 2025-08-20

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun yuzasidan qo‘mita xulosasini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Qonun aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgani ta’kidlandi. Unda davlat ijtimoiy sug‘urtasining amal qilishi, sug‘urta hodisasi, sug‘urtalangan shaxsning, sug‘urtalovchining, sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari mustahkamlangan.

Qonunda davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari manbalari, sug‘urta badali stavkasi, sug‘urta badallarini to‘lovchilar, davlat ijtimoiy sug‘urtasi moliyaviy barqarorligining davlat kafolatlari, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish kabi qator masalalar nazarda tutilgan.

Qo‘mita a’zolari hamda ekspertlar tomonidan ushbu qonunning ayrim normalarini qayta ko‘rib chiqish va mavjud qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish lozimligiga e’tibor qaratildi.

Hujjatda vakolatli organning vakolatlari va vazifalari ochib berilmagani, ijtimoiy kafolatlar yetarli darajada belgilanmagani, sug‘urta badali stavkasi, sug‘urta badalini hisoblash muddatlari va tartibi, sug‘urta badalini to‘lash bo‘yicha kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini berish tartibi, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar miqdorlari va davrlari aks etmagani ta’kidlandi.

Muhokamalar yakunida ushbu qonunni qayta ko‘rib chiqish lozimligiga oid xulosani Senat kengashiga kiritish bo‘yicha qo‘mita qarori qabul qilindi.

Majlisda “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi. Qonunning maqsadi ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekaniga alohida e’tibor qaratildi.

Qonunda ijtimoiy ish sohasidagi asosiy tushunchalar aks ettirilgan bo‘lib, ijtimoiy ish sohasining asosiy prinsiplari, ijtimoiy ishni tashkil etish, ijtimoiy ish sohasini tartibga solish, ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam sohasidagi davlat nazorati, ijtimoiy xodimning majburiyatlari, ijtimoiy xodim faoliyatining kafolatlari belgilab berilayotgani ta’kidlandi.

Majlis yakunida qonun yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralar hamda ekspertlarning takliflari eshitildi. Batafsil o‘rganishlardan so‘ng qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova,

O‘zA