Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy loyihalar muammolar yechimi yo‘lidagi amaliy qadamlardir
13:07 / 2021-05-11

Hech esimdan chiqmaydi: boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan kezlarimiz ustozimiz agar kimningdir oilada ahvoli biroz mushkulroq bo‘lsa, maktab bepul o‘quv formasi bilan ta’minlashi mumkinligini asta aytgan bo‘ldi. Sinfda o‘ziga to‘qroq oilalar bolalari bilan birga sal qiynalganroq xonadon o‘g‘il-qizlari ham bor edi. Biroq hech kim «Men qiynalgan oiladanman» deb aytmagan. Rosti, ilgari o‘zini qiynalgan oiladan ekanini aytishga ko‘pchilikning oriyati, hamiyati yo‘l qo‘ymasdi. Shundanmi, kerakli yordamni ham olishdan bosh tortardi.

Prezidentimiz 2020 yil 25 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakat tarixida ilk marta kambag‘allik masalasini baralla ko‘tardi. Kambag‘allikni kamaytirish bilan bog‘liq amaliy choralarni yechimi bilan belgilab berdi.

2020 yil butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimiz uchun ham og‘ir va sinovli davr bo‘ldi. Alohida ehtiyojli oilalar muammosini, bandlik masalalarini hal qilish, yillar mobaynida to‘planib qolgan dolzarb masalalar ustiga pandemiya sabab yuzaga kelgan yangi muammolar qo‘shilganini davrning o‘zi ko‘rsatdi.

O‘tgan yilgi joriy etilgan «Temir daftar» tizimi muhtojlarga ko‘mak qo‘lini uzatishda muhim omil bo‘ldi.

– «Temir daftar» pandemiya davrida kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan unikal ijtimoiy loyiha, – dedi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rupova. – Bu loyiha qanchadan-qancha oilalarda mavjud muammolarni o‘rganish va hal etish imkonini bermoqda.

Darhaqiqat, ushbu tizim xonadonma-xonadon, «Mahallabay» ishlash, odamlar bilan bevosita muloqot qilish orqali ularning muammolarini batafsil o‘rganish, ularni tasniflash, tahlil etish va shuning natijasiga ko‘ra tizimli hal etish imkonini berayotgani bilan ham e’tiborga molikdir.

Vaziyatni o‘rganish natijasida «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» kabi tizimlar ham joriy etilgani mavjud muammolarga yanada chuqur va amaliy ruhda yondashish imkonini bermoqda. Ko‘plab tashkilotlar, vazirlik va idoralar tomonidan barcha toifa daftarlariga kiritilgan oilalar, xotin-qizlar va yoshlarga taalluqli muammolarning aksariyati hal etilmoqda. Ayni damda bu boradagi statistika kun sayin ijobiy tomonga o‘zgarib borayotgani e’tiborga molik.

– Mahallamizda 6431 nafar aholi istiqomat etadi, – dedi poytaxtning Shayxontohur tumanidagi «Yangiobod»mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Manzuraxon Valiyeva. – «Temir daftar»ga kiritilgan 115 oila bilan muttasil ish olib borildi. Bandlikni ta’minlash, mehnat huquqlarini muhofazalash, boquvchisini yo‘qotgan ayrim oilalarning uy-joyini ta’mirlash, ishga qayta tiklash orqali muammolari hal etilib, hozir «Temir daftar»dagi oilalar 7 ta qoldi.

– «Yoshlar daftari» tizimi orqali kredit oldim, – dedi shu mahallada istiqomat etuvchi G‘ayrat Boymuhamedov. – Garchi tikuvchilik ayol-qizlar yumushi bo‘lsada, kreditni to‘g‘ri ishlatish, sex tashkil etish, unga uskunalar keltirib o‘rnatishdek ishlar yigit kishisiz bitmaydi. Hozir sexda mahalladagi ayol-qizlar ish bilan band.

«Ayollar daftari»ga kirgan Mavjuda Po‘latova qandolatchilik sexini ochdi. Ozoda Sultonmurodova ishga qayta tiklandi. Ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan Xurshida Mahkamova shifoxonada davolandi. Mahalladan moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rdi.

Ha,bugun qiynalgan odamlarning muammosi hal etilmoqda, mehnat bandligi ta’minlanmoqda. Garchi vaqtinchalik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada, «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» orqali mavjud muammolarni hal etishga e’tibor qaratilmoqda.

To‘g‘ri , hayot bor ekan, muammolar ham bo‘lishi tabiiy. Eng asosiysi, bugun ularga hech kim befarq emas.

  

Nazokat Usmonova, O‘zA