Ramazon – mehr-muruvvat va saxovat oyi
Islom olamida muborak sanalgan Ramazon oyi inson qalbidagi ezgu fazilatlarni yanada charxlaydigan, odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlaydigan ajoyib palladir.
Asrlar davomida xalqimiz bu oyni ehson, xayriya va ko‘maklar bilan bilan qarshilab keladi. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, keksalar va nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarga madad berish yurtimizda mustahkam ijtimoiy qadriyatga aylangan.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida suv xo‘jaligi tizimi xodimlari tomonidan ham xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohaning mas’ul rahbarlari boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax shahridagi Alisher Navoiy nomli va “Madaniyat”, shuningdek, Sharof Rashidov tumanidagi “Yangiobod” va “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilayotgan, nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy ko‘makka muhtoj 30 nafardan ortiq fuqaroning holidan xabar oldi. Ularga oziq-ovqat mahsulotlari hamda zarur ehtiyoj buyumlari topshirildi.

Mahalla faollari ta’kidlaganidek, bunday sa’y-harakatlar nafaqat moddiy ko‘mak, balki inson qalbiga iliqlik ulashadi. Chunki bugungi kunda jamiyat taraqqiyoti faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki odamlar o‘rtasidagi o‘zaro g‘amxo‘rlik va hamjihatlik darajasi bilan ham o‘lchanadi.
Shu ma’noda, suv xo‘jaligi sohasi vakillari tomonidan amalga oshirilgan bu xayrli tashabbus yurtimizda ezgulik, insonparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillari yanada mustahkam qaror topayotganining yana bir amaliy ifodasidir. Bunday ibratli ishlar esa jamiyatda yaxshilik urug‘ini sepib, uning barqaror qadriyatga aylanishiga xizmat qiladi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri