Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga mehr ko‘rsatildi
17:33 / 2025-07-31

Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi Kattaqum mahallasida Germaniyaning “Siemens Energy”, Fransiyaning “IDEF” va Niderlandiyaning “Stone City Energy” kompaniyalari hamkorligida bunyod etilayotgan issiqlik elektr stansiyasi hududida ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda nogironligi bor shaxslar uchun tadbir tashkil etildi.

Unda tuman hokimi Qosim Mardonov va “SCE-quvvat” xorijiy korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyati ijrochi direktori Shuhrat Ziyovuddinov mamlakatimizda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor inson manfaatlarini ta’minlab, ularning qalbiga quvonch nurlarini sochayotganini ta’kidladi. Angor tumanida ham bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Tadbir doirasida bir guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga zamonaviy tikuv mashinasi topshirildi. 

– Tikuvchilik sirlarini yaxshi bilaman, – deydi Dilbar Saidxonova. – Mahallamizda kiyim-kechak buyurtma qiluvchilar ham ko‘p. Lekin qo‘l mashinkada ish unmaydi. Zamonaviy tikuv mashinasini xarid qilishga imkoniyatimiz yetmayotgan edi. Tadbirda menga yangi tikuv mashinasi tuhfa qilinganidan boshim ko‘kka yetgudek bo‘ldi. Zamonaviy bu mashinka xotin-qizlar va bolalar uchun bejirim kiyim-kechak tikib, oilamizga yaxshi daromad olib kelishga xizmat qiladi. 

Xalqimizning saxovatpeshalik, mehr-muruvvatlilik fazilatlari keng namoyon bo‘lgan tadbirda mahalladagi uch nafar nogironligi bor shaxsga yangi nogironlik aravachasi ham sovg‘a qilindi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri