Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy ko‘mak yangi imkoniyatlarga yo‘l ochmoqda
17:19 / 2026-02-11

Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni aniqlash, ularning muammolarini o‘rganish hamda manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tizim orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Toshkent viloyatining Nurafshon shahri Oppoq mahallasida istiqomat qiluvchi, II guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro Shahlo Ergasheva bugun o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, sun’iy va dekorativ gullar yasash bilan shug‘ullanmoqda va shu orqali oilasi uchun daromad manbaiga ega bo‘lib boryapti. Ushbu oila ijtimoiy xodim tomonidan o‘rganilib, 2025 yil mart oyida kambag‘allik reyestriga kiritilgan.

Dastlab ularga bolalar nafaqasi, psixologik yordam, shuningdek, gaz va elektr energiyasi uchun bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatilgan. Sh.Ergashevaning faoliyatini qulay tashkil etishi uchun "Oppoq” mahalla fuqarolar yig‘ini binosidan tekinga foydalanish uchun ish joyi ajratildi.  

Shuningdek, uning turmush o‘rtog‘i, II guruh nogironligi bo‘lgan Sandriddin Ergashevning videomontaj ishlari bilan shug‘ullanishi maqsadida bepul foydalanishga joy ajratilib, zarur kompyuter jamlanmasi olib berildi.

— Faoliyatimni boshlashda ijtimoiy xodim va hokim yordamchisining ko‘magi alohida bo‘ldi, — deydi Shahlo Ergasheva. — Bugun tadbirkorlik orqali daromad topyapmiz. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtiryapmiz.

Oppoq mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Iroda Ashurmatovaning aytishicha, o‘tgan davrda bu oilaning holati muntazam nazoratga olinib, amaldagi tartiblar doirasida zarur yordamlar ko‘rsatildi. Natijada ular o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, mustaqil faoliyat yuritmoqda. Oilada bir nafar farzand voyaga yetmoqda. Bugun Shahlo Ergasheva va uning turmush o‘rtog‘i o‘z tadbirkorlik xizmatlari orqali oilaning moddiy ahvolini yaxshilab bormoqda. Manzilli ijtimoiy yordam va tizimli yondashuv natijasida ehtiyojmand oilalarning hayotida ijobiy o‘zgarishlar yuz beryapti. Eng muhimi, bu qo‘llab-quvvatlash fuqarolarning o‘z kuchiga ishonchini mustahkamlab, ularni mustaqil hayot sari yetaklamoqda.

Abdilaziz Musayev,O‘zA