French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ijtimoiy karta” tizimi aholini ishonchli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlaydi
14:42 / 2025-02-24

Mamlakatimizda aholini kuchli ijtimoiy himoya qilishga qaratilayotgan yuksak e’tibor oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, muhtojlarning uy-joy masalasini hal etish, bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordamlar ko‘rsatish, kambag‘allikni qisqartirish kabi yo‘nalishlarda keng namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimizning 2024 yil 18 iyuldagi “Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirib, aholi tomonidan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashi kafolatlangan tarzda olinishini, uning manzilliligi va samaradorligini ta’minlashga xizmat qilayotir. Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid barcha choralar raqamli texnologiyalar asosida taqdim etishga o‘tilmoqda. 

Mutaxassislarning aytishicha, endilikda “Ijtimoiy karta” axborot tizimi joriy etilib, ijtimoiy to‘lovlar va subsidiyalar, ijtimoiy xizmatlar va yordamlarni tayinlash, taqdim etish, monitoring qilish hamda baholash jarayonlarini, shuningdek, aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning ijtimoiy xususiyatga ega boshqa barcha choralari bosqichma-bosqich to‘liq avtomatlashtirilyapti. 

Bu tartib ijtimoiy yordamga muhtoj toifadagi fuqarolarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda ularning ijtimoiy xizmatlardan, yordam va to‘lovlardan, shuningdek, davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning boshqa choralaridan foydalanish uchun hujjatlarni yig‘ish zaruratini bekor qilib, davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini manzilli, qisqa muddatlarda, masofadan turib hamda proaktiv tarzda olish imkoniyatini yaratmoqda. 

Mazkur qarorda ko‘zda tutilgan boshqa qulaylik va imtiyozlar ham aholini har taraflama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, joriy yil 1 apreldan boshlab, bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlashda nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, o‘quvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qog‘oz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinmoqda. Nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yo‘l, havo va daryo transporti, yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek, ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lgan aholining boshqa toifalari uchun, kirish bilet operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadigan davlat ijtimoiy ob’ektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul kirish yoki qisman haq to‘lash bo‘yicha imtiyozlar qo‘llaniladi. Shu yil 1 iyuldan boshlab – “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tovar va xizmatlarni belgilangan miqdor doirasida xarid qilishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini bir ish kunida qaytarish yo‘lga qo‘yiladi. 

Surxondaryo viloyatida ham shu yil 1 iyuldan ijtimoiy to‘lovlarni ijtimoiy kartalar orqali to‘lashni bosqichma-bosqich joriy etishga o‘tiladi.

– Bu tartibning joriy etilayotgani ham mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yorqin samarasidir, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Aziz Mashrapov. – Yangi loyihaning birinchi bosqichi Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tajriba-sinov sifatida joriy etilgan. Ikkinchi bosqichda yurtimizning boshqa hududlari qatori bizning viloyatimizda ham shu yil 1 iyuldan 12 ta ijtimoiy to‘lovni ijtimoiy kartalar orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi. Muhim jarayonga hozirdan puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

Soha vakillarining fikricha, ijtimoiy kartaning qator afzalliklari bor. Bosqichma-bosqich o‘tiladigan bu tartib aholi va tadbirkorlar uchun zamonaviy imkoniyatlarni yaratadi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar “Inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida har bir insonning farovon turmush darajasini ta’minlashga qaratilayotgan g‘amxo‘rliklarning amaldagi ifodasidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri