O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonida ko‘p tarmoqli hamkorlik asosida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishda vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi qo‘yilgan.
Shuningdek, 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish kerakligi belgilangan.
Ushbu vazifalar ijrosini taminlash maqsadida idoralararo ishchi guruh deputatlik korpusi hamda YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.
Qonun loyihasi 8 bob, 60 moddadan iborat bo‘lib, ijtimoiy ish turlarini kengaytirish, inson – oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, ijtimoiy xizmatlarga muhtoj deb e’tirof etilgan zaif shaxslarga yuqori sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish uchun davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa davlat tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslarining mas’uliyatini oshirishni nazarda tutadi.
Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligida mazkur qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanishicha, bu aholining ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj qatlamlari toifalarini aniq belgilab beradi, davlat byudjetiga ajratilgan mablag‘larni maksimal darajada maqsadli sarflashga imkon beradi.
Kerak bo‘lsa, ularni tegishli aholi guruhlarining joriy ehtiyojlariga qarab qayta taqsimlash imkonini beradi. Ijtimoiy ishlarning bajarilishini jamoatchilik nazoratiga ochiq qiladi, fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga yordam beradi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rolini oshiradi.
Idoralararo hamkorlik va ijtimoiy sheriklikning rejalashtirilishi qiyin hayot sharoitida har bir kishini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish, ijtimoiy ish provayderlarining to‘liq reyestrini va mamlakatda ijtimoiy xizmatlar oluvchilarning reyestrini tuzish imkonini beradi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA