Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid qator qonun loyihalarini atroflicha ko‘rib chiqdi.
Dastlab “Ijtimoiy ish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy ishni tashkil etish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yaratilgan bo‘lsa-da, ijtimoiy ish sohasidagi munosabatlarni qonun darajasida tartibga solish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasida ijtimoiy ish sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari, ijtimoiy ish tashkil etiladigan sohalar, ijtimoiy ishni tashkil etishda idoralararo hamkorlik, ijtimoiy xodimning maqomi, vazifalari va majburiyatlari hamda maxsus vakolatli davlat organi va uning vakolatlari belgilanmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (shaxs)ni aniqlash va ularni ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (shaxs) deb topish asoslari, ijtimoiy xizmat va yordamlardan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasida ijtimoiy xizmat va yordamlardan foydalanuvchiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishni tugatish asoslari, ijtimoiy xizmat va yordam turlari hamda ijtimoiy xizmat standartlari ham aks etmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zaruratiga alohida to‘xtalib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollar berdi. Loyiha matnini yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish bo‘yicha konstruktiv fikrlar va asosli takliflar bildirildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
***
Majlisda valyuta qimmatliklari, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda olganlik yoki o‘tkazganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, qonun hujjatlaridagi valyuta qimmatliklari, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasidagi tushunchalar o‘zaro muvofiqlashtirilmoqda. Bundan tashqari, valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi valyuta, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasidagi qonun hujjatlarini bir xilda qo‘llashga, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
***
Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda energetika sohasini modernizatsiya qilish, energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda hisob-kitob tizimini shaffoflashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohada yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklarga qarshi samarali kurashish, javobgarlikni kuchaytirish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish dolzarb vazifalardan biriga aylangan.
Huquqni qo‘llash amaliyoti shundan dalolat bermoqdaki, tadbirkorlik sub’ekti tomonidan elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, tabiiy gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etilsa javobgarlikka faqat tashkilotlarning mansabdor shaxslari tortilmoqda. Bu borada huquqbuzarlik sodir etgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni esa javobgarlikka tortish asoslari belgilanmagan.
Xususan, 2024 yilda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan energiyani behuda sarflash bilan bog‘liq 17,6 mingta, gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 7,6 mingta holat aniqlangan.
Bundan tashqari, “O‘zenergoinspeksiya”ning ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatlari qonun hujjatlarida aniq belgilab qo‘yilmagan. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga ham ushbu sohada ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berilmagan.
Shundan kelib chiqib, mazkur qonun loyihasi bilan O‘zenergoinspeksiyaning ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolati aniq belgilanmoqda. Ichki ishlar organlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga esa yoritish uchun elektr energiyasidan behuda xo‘jasizlarcha foydalanish huquqbuzarligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolatini berish taklif etilmoqda.
Shuningdek, energiya resurslaridan behuda foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha yakka tartibdagi tadbirkorlar ham ma’muriy huquqbuzarlik sub’ekti sifatida belgilanmoqda. Qolaversa, elektr energiyasi, gaz va suv tarmoqlariga qonunga xilof ravishda ulanib, ularni o‘g‘irlaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Loyihada nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollar ko‘tarildi.
Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib, mazkur hujjat sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning profilaktikasini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
***
Majlisda ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Xalqaro metrik Konvensiyaga (Parij, 1875 yil 20 may, 1907 yil 17 oktyabrdagi, 1913 yil 11 oktyabrdagi va 1921 yil 6 oktyabrdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalari bilan) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Xalqaro metrik Konvensiya 1875 yil Parij shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik konferensiya doirasida 17 ta mamlakat vakillari tomonidan imzolangan. Hozirgi kunga kelib Konvensiyada 64 ta davlat, jumladan Turkiya, Fransiya, Germaniya, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya, Yaponiya qo‘shilgan hamda 37 ta davlat, jumladan O‘zbekiston uyushgan a’zo sifatida ishtirok etmoqda.
Xalqaro konvensiyaga qo‘shilish natijasida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy salohiyatining yanada oshishi zaminida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi yo‘lidagi ishlar jadallashadi. Xalqaro savdo masalalari, jumladan eksport-import sohasining ajralmas qismi bo‘lmish metrologiya sohasida xalqaro hamkorlik sezilarli darajada kengayadi, mavjud texnik to‘siqlar kamayadi.
O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro metrik Konvensiyaga qo‘shilishi orqali Xalqaro tarozi va o‘lchovlar Byurosining to‘laqonli a’zosi maqomi olinadi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
N.Nasriyev, O‘zA