Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoyaning hayotdagi ifodasi
17:05 / 2025-04-15

Ma’lumki, 2024 yil 18 oktyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni mamlakatimizda ijtimoiy himoyaning sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishiga xizmat qilmoqda.

Ushbu hujjat ijrosi doirasida Toshkent viloyatida ham bir qator amaliy tadbirlar bo‘lmoqda. Xususan, tuman va shaharlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida 10 nafar ehtiyojmand fuqaroga davlat bojidan ozod etilgan holda shaxsiy identifikatsiya kartalari rasmiylashtirildi. Ular orasida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar ham, yolg‘iz qariyalar ham bor. Misol uchun, Ohangaron tumanida istiqomat qiluvchi X.Payziyeva ana shunday xizmatdan foydalandi. 

– Men to‘rt yil davomida turmush o‘rtog‘imdan jismoniy va ruhiy tazyiq ko‘rib yashadim. “Inson” markazi orqali huquqiy yordam oldim. ID-kartamni ham davlat bojisiz rasmiylashtirishdi. Bugun men himoyadaman. Qonunni faqat qog‘ozda emas, o‘z hayotimda his qildim, – deydi X.Payziyeva. 

2024 yil va joriy yilning 1-choragi mobaynida 501 nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga ekspert maslahatchilari tomonidan huquqiy maslahatlar berildi. Bu orqali ularning o‘z haq-huquqlarini anglash va huquqiy yechimlarga erishish imkoniyatlari kengaydi. Hozirgacha, davlat bojisiz 69 ta da’vo arizasi sudlarga kiritildi. Natijada, 19 holatda aliment undirish buyruqlari chiqarildi. Shu bilan birga, 4 ta holatda otalikni belgilash, 6 ta holatda moddiy ta’minot undirish, 1 nafar fuqaro muomalaga layoqatsiz deb topilib, internatga joylashtirildi. 

Jumladan, Yangiyo‘l tumanida qarovsiz qolgan Jamoliddin Fazilov “Inson” markazi ko‘magida sud orqali muomalaga layoqatsiz deb topilib, Ohangarondagi “Muruvvat” internat uyiga joylashtirildi. Shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumanida tazyiqqa uchragan Zilola Niyozova ikki nafar farzandi bilan sud qaroriga asosan turmush o‘rtog‘i yashaydigan uyga kiritildi. 

– Turmush o‘rtog‘im bilan men munosabatimiz yaxshi emas edi, – deydi Z.Niyozova. – Ko‘p yillar davomida tazyiq va behurmatlikka ikki farzandim uchun chidadim va “Inson” markaziga bordim. U yerdagi maslahatchilar menga huquqiy ko‘mak berdi. Sud orqali farzandlarim bilan birga turmush o‘rtog‘im yashaydigan uyga kirish huquqimni tikladim. Bugun men o‘z uyimda farzandlarim bilan xavfsiz muhitdaman. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Toshkent viloyatidagi 28 ta mahallada yuqoridagi qonun mazmunini aholiga tushuntirish maqsadida sayyor uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda 1 ming 500 nafardan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar qamrab olindi. 

Xulosa qilib aytganda, bu qonun nafaqat huquqiy hujjat sifatida, balki real yordam vositasi sifatida amalga oshmoqda. Uning amaldagi ifodasi esa oddiy insonlar hayotidagi o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. 

A.Musayev, O‘zA