English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoyaga muhtojlar "Imkoniyatlar olami"dan mamnun (+video)
10:32 / 2025-04-21

Prezident tashrifidan so‘ng...

E’tibor insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib, ijobiy fikrlar bilan yashash va shu yo‘lda el koriga yarashi uchun turtki bo‘ladi. Xalqimizda “To‘rt muchang salomat bo‘lsin“, degan duoni eshitib, aslida salomatlikning o‘zi eng ulug‘ baxt ekanini anglaysan. Ammo taqdir hammaga ham bir xil yozilmaydi. Kimningdir ruhiyati va yana boshqaning tani-jonida nuqsoni bo‘lib, o‘zgalar qaramog‘iga muhtojlik sezadi. Mana shunday vaqtda ular suyangan insonlar ham o‘zlari parvarish qilayotgan nogironligi bor shaxslar qatori e’tibor istab qolar ekan. Davlatimiz tomonidan mana shunday insonlarga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan keng ko‘maklar berilayotgani sir emas.  

Bunday amallarning asosi hujjatlar bilan mustahkamlanayotganini ham e’tirof etish lozim. Joriy yilning 27 fevralida qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori yurtimizda chin ma’noda inson qadrining yana bir darajaga yuksaltirdi. Uning ijrosi doirasida ilk bor Andijonda “Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi ishga tushdi.  

Bu yerda nogironligi bor bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga qatnov asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Jumladan, tibbiy reabilitatsiya xizmati, kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘qitish xizmatlari hamda kambag‘al oilalar bolalari uchun qo‘shimcha ta’lim xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. 

Qariyb 5 gektar maydonga ega muassasada ma’muriyat, faollar zali, inklyuziv ta’lim va kasbga o‘rgatish binolari, bolalar maydonchasi, sport majmuasi va suzish havzasi mavjud.  

E’tiborli jihati, mashg‘ulot qurilmalari AQSH va boshqa xorijiy davlatlardan keltirilgan bo‘lib, adaptiv sportga mo‘ljallangan. Suv havzasi ham bolalarning yoshiga monand alohida qulayliklarga ega.  

Markazda 60 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarni aniqlash hamda bu yerga yo‘naltirish «Inson» markazlari tomonidan amalga oshiriladi.  

Prezidentimiz mazkur markazga tashrif buyurganida va nogironligi bor bolalar bilan ko‘rishganida, ularning nigohlaridagi mehr va bolalarning ko‘zlaridagi beg‘uborlikni ko‘rib, beixtiyor ko‘ngilga iliqlik yuguradi. Bunda otalarcha mehr aks etadi.  

U yerda tashkil etilgan birgina erta aralashuv xizmatining mohiyatini so‘raganimizda, bu bo‘lim chaqaloqlikdan uch yoshgacha bo‘lgan bolajonlarni parvarishlashga ixtisoslashgani, shu vaqtgacha bunday yoshdagi bolalar faqatgina ota-onasi qaramog‘ida bo‘lganini aytishdi. Yana bir muhim jihati esa, endilikda ona homiladorlik vaqtida bolada nogironlik xavfi aniqlansa, shu binoda ularga xizmat ko‘rsatiladi. Bu ona va bolaning mehrini, e’tiborini mustahkamlashda ko‘maklashish bo‘lib, psixologik maslahatlar orqali onaning boladan voz kechmasligiga, ma’naviy va moddiy jihatdan davlatimiz ham qarab turmay, ko‘maklashishiga ishonchini mustahkamlash ekan.  

Darhaqiqat, Prezidentimiz markazda nogironligi bor bolalarning maktabdan tashqari dars qilishlari, ilm olishlari, internetdan foydalanishlari uchun imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi va farzandini parvarishlayotgan ota onalarning ko‘ngliga taskin berdi. 

Davlatimiz rahbari bilan suhbatlashgan onaning taassurotlarini so‘raganimizda, u shunday jumlalarni aytdiki, u bir umrga tashvishidan qutulganiga amin bo‘lasan.  

– Men farzandimning nogironlik bilan yashayotganidan g‘am chekib yashardim, aslida ana shu farzandim tufayli davlatimiz rahbari bilan ko‘rishib, otalarcha mehrini tuydim. Farzandimning tuzalayotgani  g‘amlarimni aritmoqda. Qizim hamma qatori harakatlanishni boshlayapti. Bu yerdagi sharoitlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlardan xursandmiz, – deydi Paxtaobod tumanidan kelib, 11 yoshli qizini parvarish qilayotgan ayol Nargiza Qosimova. 

Markazda kunduzgi parvarish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda nogironligi bo‘lgan insonlar jismoniy va aqliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullantiriladi. Ularga ijtimoiy xodimlar qarab turishi natijasida oilasidagilarning “qo‘li bo‘shab“, ishlashi mumkin bo‘ladi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jtqgjSHi1jg" title="Ijtimoiy himoyaga muhtojlar “Imkoniyatlar olami”dan mamnun" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Abdulaziz RUSTAMOV, Nosirjon HAYDAROV(surat), O‘zA