“Mahalla” xayriya jamoat fondi Andijon viloyat bo‘limi tashabbusi bilan kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 50 nafar farzandi Buloqboshi tumanidagi “Bog‘ishamol” bolalar oromgohiga dam olish uchun yuborildi.
– Vazirlar Mahkamasining tegishli yig‘ilish bayoni bilan bolalarning yozgi ta’til davrini maroqli o‘tkazish, oromgohlarda dam olib, ko‘ngilli hordiq chiqarishlarini tashkil etish etish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Baxtiyorjon Tursunov. – Ana shu vazifalardan kelib chiqib, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan viloyatning qator tumanlarida istiqomat qilayotgan, kam ta’minlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 50 nafar farzandini bolalar oromgohiga yubordik. – Oromgohga yuborilgan har bir bolaga maxsus futbolka, bosh kiyimi, shuningdek, sanitariya-gigiyena jihozlari berildi. Endi bolajonlar 12 kun davomida oromgohda ko‘ngilli hordiq chiqaradi.
[gallery-8037]
Har navbatda 200 nafar bola hordiq chiqarayotgan “Bog‘ishamol” oromgohi Andijon viloyatining tog‘li, soya-salqin hududida joylashgan eng so‘lim oromgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda bolajonlarning dam olib, ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Oromgohda kutubxona, kompyuter xonasi tashkil etilgan. Bundan tashqari, shaxmat, shashka, voleybol, basketbol, tennis, stol tennisi, suzish singari sport to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sport musobaqalari, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar muntazam o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
Mazkur oromgohda dam olayotgan bolajonlarning quvonchi cheksiz.
– San’atga, qo‘shiqchilikka qiziqaman, – deydi Bo‘ston tumanidagi 15- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ozodaxon Olimova. – Oromgohda o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlarda o‘z qo‘shiqlarim bilan qatnashyapman, bu menga zavq bag‘ishlamoqda. Yangi-yangi do‘stlar orttirdim, umuman, bu yerda o‘tayotgan har bir kunimiz unutilmas taassurotlarga boy bo‘lmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limining ko‘magi bilan dam olayotgan bolajonlarga oromgoh hayoti olam-olam quvonch bag‘ishlamoqda.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA