Mamlakatimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida “Sog‘lomlashtirish oyligi” o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik doirasida Jalaquduq tumani hokimligi va tibbiyot birlashmasi hamkorligida ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda kambag‘allik reyestrida turuvchi aholi vakillari uchun chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Jalaquduq pedagogika kollejida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikda kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lomlashtirish tadbirlari, skrining ko‘ruvlari amalga oshirildi.
Viloyat davolash muassasalari, ixtisoslashtirilgan tibbiy markazlar, shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasining tajribali shifokorlari, tor soha mutaxassislari jalb etilgan holda o‘tkazilgan ko‘rikda fuqarolarning salomatligi UZI, EKG, flyuorografiya va laboratoriya jihozlari orqali tekshiruvlardan o‘tkazildi.
Ko‘rik davomida turli kasalliklari borligi aniqlangan bir guruh fuqarolarga davolanishi uchun yo‘llanmalar, zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
– Tug‘ma son suyagining chiqishi tashxisi bilan davolanib kelaman, – deydi Qorag‘ul mahallasi, Sherobod ko‘chasida yashovchi, 3-guruh nogironi Shavkatbek Zokirov. – Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tganimdan so‘ng travmatolog tavsiyasi bilan menga tuman tibbiyot birlashmasida yotib davolanishim uchun yo‘llanma berildi.
Shuningdek, ko‘rik jarayonlarida sog‘lom turmush tarzinitarg‘ib etish, sog‘lom ovqatlanish, me’yordan ortiqcha tuz va shakar iste’molining zararli oqibatlari, qandli diabetning oldini olish bo‘yicha suhbat hamda muloqotlar o‘tkazildi, “Salomatlik maydonchasi”, “Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi” tashkil etildi. Sog‘lom turmush tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi, bukletlar tarqatildi.
[gallery-23283]
Tibbiy ko‘rik ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron va kambag‘al oilalar vakillarining salomatligini mustahkamlashga, tibbiy savodxonligini oshirishga xizmat qildi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari