Angor tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi, “Ayol va shodlik” nodavlat notijorat tashkiloti, Angor tumani "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi Angor, Sherobod, Muzrabot tumanlarida yashaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun ochiq muloqot tashkil etdi.
Uchrashuv Fransiyaning “Acted” texnik hamkorlik va taraqqiyot agentligi hamda Shveysariya hukumati moliyalashtirayotgan “Markaziy Osiyo, O‘zbekistonda zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan va zo‘ravonlikka uchragan ayollarni qo‘llab-quvvatlashda fuqarolik jamiyati salohiyatini kuchaytirish” loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarni kasbga yo‘naltirib, bandligini ta’minlashga qaratildi.

Ochiq muloqotda keyingi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga keng imkoniyat yaratilib, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifati va samaradorligi oshgani haqida atroflicha so‘z yuritildi. Moliya muassasalarining imtiyozli va mikrokreditlar ajratish tartiblari, shartlari, qishloq joylarda yashaydigan ishsiz ayollarni ishga joylashtirish xususida fikr almashildi. O‘zini-o‘zi band qilganlar uchun imtiyozlar, yuridik va jismoniy shaxslar uchun soliq to‘lovlari hamda soliq imtiyozlari, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartiblari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Mazkur loyiha 2022-yildan boshlab Angor, Sherobod, Muzrabot tumanlarida 30 ta mahallada amalga oshirilmoqda. O‘tgan davrda loyiha ijrochilari mazkur mahallalarda reintegratsiya dasturi asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga trening mashg‘ulotlari o‘tkazib, ularni tadbirkorlikka jalb etish va ishbilarmonlik ko‘nikmalarini mustakamlashga qaratilgan o‘quvlar tashkil etdi. 165 nafar xotin-qiz uchun "Biznes rejalar" kichik grant tanlovi e’lon qilindi.

Tadbir yakunida tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan 33 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor ayolga chorvachilik, parrandachilik, tikuvchilik, qandolatchilik, ayollar sartaroshligi, aholiga kompyuter xizmati ko‘rsatish sohalarida o‘z biznesini yuritish maqsadida asbob-uskunalar, xomashyo mahsulotlari xarid qilishi uchun sertifikatlar topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri