Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi
10:29 / 2025-12-24

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Aholining ehtiyojmand qatlamlariga hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun ularni jamiyatga integratsiya qilishga qaratilgan ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi. 

Cheklovlarsiz va jamiyat bilan uzviy bog‘langan ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shakllarini joriy etish orqali internat shaklida xizmat ko‘rsatish tizimini noinstitutsionallashtirish jarayonlari jadallashtiriladi. 

Aholini ijtimoiy himoya qilishda nodavlat sektorning ulushini oshirish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi. 

Andijon shahri va Toshkent shahri Shayxontohur tumanida tashkil etilgan hududiy markazlar tajribasi asosida 2026-2027 yillar davomida bosqichma-bosqich 20 ta hududiy markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Hududiy markazlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari tizimida davlat muassasasi sifatida tashkil etiladi. 

Hududiy markazlar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. 

Quyidagilar hududiy markazlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi: 

a) aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar va og‘ir hayotiy vaziyatdagi bolalarga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatilishini tashkil etish; 

b) rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni to‘g‘ri parvarishlash bo‘yicha oila a’zolari va parvarishlash bilan band bo‘lgan boshqa shaxslarning ko‘nikmalarini mustahkamlash; 

v) og‘ir hayotiy vaziyatdagi bolalarning ijtimoiy moslashuvidagi muammolarni o‘rganish orqali ularning jamiyatga integratsiyasini ta’minlash; 

g) psixologik-pedagogik, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlarni taqdim etish. Hududiy markazlar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga reabilitatsiya, abilitatsiya, fizioterapiya va davolash-jismoniy tarbiya, qarab turish va parvarishlash xizmatlari ko‘rsatiladi. Bunda mazkur xizmatlar nodavlat tashkilotlarni, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni jalb etish orqali ham ko‘rsatilishi mumkin. 

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijtimoiy xizmatlardan imtiyozli shartlarda (xizmat xarajatlarini vaucher asosida yoki kompensatsiya shaklida qoplash) foydalanish huquqiga ega shaxslar Hududiy markazlar xizmatlaridan "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlarining yo‘llanmasi asosida foydalanadi. Bunda ushbu shaxslarga yo‘llanma "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan eksterritorial tamoyil asosida rasmiylashtirib beriladi. 

Hududiy markazlarning xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq barcha tartib-taomillar Ijtimoiy himoya milliy agentligining axborot tizimlari orqali to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. 

Qaror bilan: 

a) Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarining namunaviy tuzilmasi; 

b) Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarini joylashtirish uchun ajratiladigan vazirlik va idoralar hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi balansidagi yer uchastkalari va bino-inshootlarning ro‘yxati tasdiqlandi. 

O‘zA