Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi
10:39 / 2021-08-05

"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondining Sirdaryo viloyat bo‘limi xodimlari xayrli va savobli loyihaga qo‘l urdi.

Ular Yangiyer shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi va xalq deputatlari shahar kengashi bilan hamkorlikda Yangiyer shahridagi A.Jomiy, "Shukrona", "Shodiyona", Davlat obod", T.Malik, "Ma’rifat", "Yuksalish", "Binokor", "Fazilat", Z.Bobur, "Navro‘z obod" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilayotgan, ijtimoiy kam ta’minlangan, yordamga muhtoj, ko‘p farzandli, ya’ni boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etdi.  

– Bunday tibbiy ko‘riklarni viloyatda yil davomida ko‘p marotaba o‘tkazamiz, –deydi "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondining Sirdaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i, pediatr Yulduz Usmonova. – Lekin bu galgisi umuman boshqacha bo‘ldi. Tibbiy ko‘rikni malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, aholini ijtimoiy kam ta’minlangan, yordamga muhtoj qatlami uchun tashkil etdik. O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik davomida mutaxassislarimiz bor e’tiborini aholini ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolarga qaratdi. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar ya’ni yurak qon-tomir, endokrin bezi, oshqozon-ichak tizimi bilan bog‘liq surunkali gastrit, allergiya, bolalarda uchrayotgan kasalliklarni aniqlash va uning profilaktikasiga e’tibor qaratdik. Zarur tavsiyalar berildi.

Tadbir davomida shaharning 11 ta mahallasida istiqomat qilayotgan 654 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularga "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi mablag‘lari hisobiga keltirilgan 528 o‘ram dori vositalari, vitaminlar to‘plami, 450 dan ziyod tibbiy gigiyenik vosita, bolalar tagligi, salfetka va zarur vositalar bepul tarqatildi.

– O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik foydali bo‘ldi, – deydi "Shukrona" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Go‘zal opa. – Fond xodimlari, qolaversa, shifokorlar ham o‘zimiz ham farzandlarimiz sog‘ligini ko‘zdan kechirib zarur tavsiyalarini berdi. To‘g‘risi, ro‘zg‘ordagi kam-ko‘st sabab salomatligimga e’tibor qarata olmagandim. Biron bir sihatgohga yoki davolash muassasasiga borishga esa vaqt ham mablag‘ ham topa olmadik. Tibbiy ko‘rik bizni qiynab kelayotgan muammolarga yechim bo‘ldi. Ular yordami bilan sog‘ligimdagi o‘zgarishlarni bilib oldim. Buni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan dori vositalarni bepul berishdi. Bu menga, men singari ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar uchun katta yordam bo‘ldi.

Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA