Sirdaryoda ijtimoiy ahvoli og‘ir, ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yakka-yolg‘iz, "Temir daftar", "Ayollar daftari"da ro‘yxatda turgan fuqarolarning sog‘liq, ijtimoiy masaladagi muammolarini yechish va ularga ko‘mak ko‘rsatish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Shu maqsadda o‘tgan 2022 yil davomida "Mahalla" xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyati bo‘limi boshqaruvi, uning joylardagi bo‘linmalari huzurida tashkil etilgan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan 27 ming 229 nafar fuqaroga 14 milliard 73 million 669 ming so‘mlik turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich bundanda yuqori bo‘lishi kutilyapti.
– Joriy yilning o‘tgan davrida, fond huzurida tashkil etilgan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan 12 ming 892 nafar fuqaroga 2 milliard 924 million 675 ming so‘mlik kundalik iste’mol tovarlari, un mahsulotlari yetkazib berdik, – deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Bahodir To‘xtasinov. – Shuningdek, sog‘lig‘ida muammosi bor, davolanishga muhtoj bo‘lgan 970 nafar fuqaroning salomatligini tiklash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 milliard 391 million 611 ming so‘m pul mablag‘lari dori-darmon vositalarini xarid qilish uchun ajratildi.
Ushbu pul mablag‘lari hisobiga bemorlar yurak qon tomir, tayanch harakati, hazm qilish tizimlari, yo‘l transport hodisasidan keyingi son suyak va boshqa organlarni sinishi bilan bog‘liq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdi. Aksariyat bemorlar ayni vaqtda Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida, Sirdaryo viloyatidagi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Sirdaryo viloyat bo‘limi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uning Sirdaryo bo‘limi, Guliston tibbiyot klasteri hamda boshqa davolash profilaktika muassasalarida davo muolajalarini olmoqda.
– O‘ng son suyagimni bo‘ksa qismining yemirilishi, yurish tizimida jiddiy muammolarni keltirib chiqargandi, – deydi Sardoba tumanining "Birlashgan" mahallasida istiqomat qiluvchi Doniyor Donaboyev. – Endigina, 42 yoshga kirdim. Oilam va farzandlarim bor. Yolg‘iz boquvchi edim. Biroz jamg‘armam bor edi. Lekin davolanish xarajatlariga ketib qoldi. Noiloj, tuman hokimligiga, Xalq deputatlari tuman kengashiga murojaat qildim. Ular yordami bilan menga "Mahalla" xayriya jamoat fondi Sardoba tuman bo‘linmasi huzurida tashkil etilgan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan 7 million so‘m pul mablag‘i ajratib berildi. Ushbu pul mablag‘i hisobiga viloyatda jarrohlar yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazishdi. Hozir ancha yaxshiman.
Bu kabi ijtimoiy tashabbuslar fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, aholini ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolarni yechish, ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA