Sirdaryo viloyatida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab sinov tariqasida kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlashni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali amalga oshirish joriy etildi. Prezidentimizning 2020 yil 4 avgustdagi qaroriga muvofiq, kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash respublikaning barcha hududlarida 2021 yil yanvar oyidan boshlab to‘liq “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur tizimning texnik jihatdan faoliyatini ta’minlash va doimiy takomillashtirib borish ishlari Moliya vazirligi huzuridagi Axborot texnologiyalari markazi tomonidan amalga oshirilmoqda. bugungi kunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga 21 ta vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan 49 turdagi ma’lumotlar elektron olinishi belgilangan.
Shu yilning 15-17 sentyabr kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimining samarali ishlashi hamda aholini ijtimoiy himoya qilishda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, aholining zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari ko‘rsatilishi holati Sirdaryo viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi.

Kuni kecha parlament quyi palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda qator vazirlik va idoralar, Sirdaryo viloyat, tuman va shahar hokimliklari mas’ullari ishtirokida mazkur o‘rganish yakunlari muhokama etildi.
— Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratilib, sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavluda Xo‘jayeva. — Jumladan, “Development Pathways” ixtisoslashtirilgan xalqaro kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi natijasida Sirdaryo viloyati bo‘yicha kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam berish qamrovi yildan-yilga oshib borayotir. Viloyat aholisi o‘rtasida mazkur tizimning afzalliklari, inson omilining bartaraf etilgani to‘g‘risidagi ishlarning samarali tashkil etilgani natijasida aholi o‘rtasida kam ta’minlangan oilalar tomonidan nafaqalar tayinlash masalasida murojaatlar soni kamayishiga erishilmoqda. Bu albatta, ijobiy holdir.

Yig‘ilishda qayd etildiki, 2019 yilning so‘nggi 3 oyida nafaqa va moddiy yordam olish uchun 11 ming nafar fuqarodan ariza taqdim etilib, 3,2 ming nafariga nafaqa tayinlangan. 2020 yilda ariza taqdim etgan 60,5 ming nafar oilaning 27,1 ming nafariga, 2021 yilda ariza taqdim etgan 118,3 ming nafar oilaning 54,3 ming nafari hamda 2022 yilning 8 oyi davomida ariza bergan 84,9 ming nafar oilaning 43,5 ming nafariga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilib, tizim muntazam ravishda takomillashtirib borilayotganligini e’tirof etdilar
Shu bilan birga, bu borada ayrim vazifalarning ijrosi kechikayotganligi ta’kidlandi. Xususan, FHDYO arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanadigan barcha hujjatlarni (nikoh tuzish, nikohdan ajralish, tug‘ilish va o‘lim to‘g‘risidagi yozuvlarni) raqamlashtirishni tugatish, ma’lumotlarni “FHDYO elektron arxivi” axborot tizimiga kiritish ishlari yakunlanmagani yuzasidan e’tirozlar bildirildi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimidan foydalanuvchi sub’ektlar o‘rtasidagi o‘zaro integratsiya jarayonlarida ham bir qator muammolar mavjudligi ham ta’kidlanib, uni bartaraf qilish bo‘yicha takliflar berildi.
Aholiga qulaylik yaratish, korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiluvchi ijtimoiy himoya yagona reyestrini yanada takomillashtirish, foydalanuvchi va ijrochilarga qulay qilish borasida hamkorlikdagi ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
M.Komilova,
O‘zA