Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoya – xalq farovonligi uchun xizmat qiladi
10:57 / 2025-11-13

Bugun mamlakatimizda 2 milliondan ortiq oila ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olingan. Har bir oilaning ehtiyojlari mahalla kesimida o‘rganilib, ular bilan individual tartibda ish olib borilmoqda.

Shunday savobli va mas’uliyatli ishga o‘z hissasini qo‘shayotgan fidoyi insonlardan biri Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Jizza mahallasi ijtimoiy xodimi Iroda Nusratullayevadir.

Mahallada 3 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shulardan ijtimoiy himoyaga muhtoj 40 nafar fuqaroga “keyc” ochilib, davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatildi. Natijada 30 dan ortiq oiladagi muammolar ijobiy hal etildi.

Shular jumlasidan 1-guruh nogironi Husan Shodiyev ham ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi ko‘magi bilan elektron nogironlik aravachasi bilan ta’minlandi. Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali dori-darmon hamda isitish mavsumida beriladigan bir martalik moddiy yordam ajratildi.

Dilorom Karimovaning qizi Mahliyo O‘raqova “Kambag‘allik reyestri”ga kiritildi. Shundan so‘ng uning farzandi uchun bolalar nafaqasi tayinlandi va maktabgacha ta’lim tashkilotiga imtiyozli asosda qabul qilindi. Shu bilan birga, Mahliyo onasiga qarovchi sifatida rasmiy ro‘yxatga olindi hamda kuz-qish mavsumi uchun bir martalik moddiy yordam oldi.

Mahallaning yana bir faoli Iroda Hasanova esa boquvchisini yo‘qotgan oilalardan. U “Kambag‘allik reyestri”ga olingach, tikish faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun homiylar yordamida tikish mashinasi bilan ta’minlandi. Hozirda u uch nafar kambag‘allik reyestrida turgan fuqaroni ish bilan ta’minlagan. Shuningdek, uning qizi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va imtiyoz asosida qo‘shimcha darslarga yo‘naltirildi. Eng muhimi, ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmat va yordamlar natijasida Iroda Hasanova oilasi kambag‘allik reyestridan chiqarildi.

Bugungi kunda bunday natijalar mahallalardagi ijtimoiy xodimlarning fidokorona mehnati, aholi ehtiyojini chuqur o‘rganish va har bir oila bilan individual ishlash tizimi samarasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA