Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoya tizimi kuchaygani pensiyalarni hisoblashda ham aks etmoqda
10:02 / 2022-09-14

Ijtimoiy himoya tizimi turli mamlakatlarda iqtisodiy taraqqiyot darajasi, demokratik rivojlanish va uning aholi manfaatiga muvofiqligi, ijtimoiy siyosat darajasi kabi omillarga bog‘liq holda amal qiladi.

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish iqtisodiy islohotlar dasturidagi uzluksiz ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ya’ni, islohotlarning hamma bosqichlarida ustuvor hisoblanadigan vazifalar qatoriga kiradi. Kuchli ijtimoiy siyosat mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lining yetakchi tamoyillaridandir. 

Shu bois inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati doirasida pensiya tizimini takomillashtirish, pensiyalar miqdorini muntazam oshirib borish alohida ahamiyat kasb etmoqda. 

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish hamda fuqarolarning pensiya miqdorlarini mamlakatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga muvofiq izchil oshirib borilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. 

Xususan, pensiyani hisob-kitob qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorini oshirish, pensiya ta’minotida fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilmaslik qoidasi qat’iy amalga oshirilmoqda. Idoralararo elektron ma’lumot almashinuvi asosida pensiya tayinlash tizimi takomillashtirilmoqda.  

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun yuqoridagi strategiyada belgilangan vazifalar  ijrosini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. 

Qonunda 2023 yilning 1 yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirilishi nazarda tutilmoqda. 

bugungi kunda pensiyani hisob-kitob qilishda pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lmagan (3 million 240 ming so‘m) o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqiladi. 

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishga muvofiq o‘rtacha oylik ish haqi pensiya hisoblashning bazaviy miqdorining 12 baravaridan ortiq bo‘lmagan, ya’ni 3 million 888 ming so‘m miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqidan hisobga olish belgilanmoqda. 

Pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi chegarasi 2007 yil 1 okyabrdan 8 barobargacha, keyin esa oradan 12 yil o‘tib, 2019 yil 1 yanvardan 10 barobargacha oshirilgan. Mazkur qonun bilan esa 2023 yil 1 yanvardan 12 barobargacha qilib belgilanmoqda. 

Qonunga muvofiq ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda Pensiya jamg‘armasidan qo‘shimcha ravishda 1,5 trillion  so‘mdan ortiq pul mablag‘lari talab etiladi. 

bugungi kunda 3,7 millionga yaqin pensiya oluvchilar mavjud. Ularning soni joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida 180 mingga oshdi. Davlat byudjetidan pensiya oluvchilar uchun  yil davomida o‘rtacha 45,3 trillion so‘m pul mablag‘i ajratilib, yashash manzillariga yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. 

Bu o‘zgarishlar, eng avvalo, yurtimizda yoshga doir, nogironlik pensiyasini hamda yetim bolalarga tayinlanadigan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini oluvchi fuqarolarni moddiy va  ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy himoyaning yaqqol ko‘rinishidan dalolat beradi. 

Xulosa o‘rnida, qonun bilan joriy etilayotgan yangi tartib ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib, ko‘proq haq olishiga qiziqishini oshirish va mamlakatimiz iqtisodiyotini isloh qilish va rivojlantirishda faol ishtirokini ta’minlashni rag‘batlantirish, shu bilan bir qatorda pensiya oluvchi fuqarolarning moddiy farovonligini yanada oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar ifodasidir. 

 

Qobul Tursunov, 
Oliy Majlis Senati a’zosi. 
O‘zA