Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoya tizimi: “Inson-insonga ko‘makchi”
12:05 / 2025-10-20

Namangan shahrida joylashgan viloyat musiqali drama va komediya teatrida Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan “Inson-insonga ko‘makchi” shiori ostida kouching o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirda agentlik hamda uning viloyatlar boshqarmalari mutasaddilari, Namangan viloyatining shahar va tumanlarida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand aholi vakillari, nogironligi bor shaxslar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ishtirok etdi. 

Respublika agentligining murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Zulhumor Hamroxo‘jayeva kouching ishtirokchilariga mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyili asosida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan ijtimoiy himoya tizimiga oid yangi xizmatlar, qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar mohiyati, maqsad-vazifalar hamda ahamiyati xususida tushunchalar berdi. 

Tadbirda, ijtimoiy nafaqalar, tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun to‘lab beriladigan kompensatsiya pullari, bolalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ezgu amaliy sa’y-harakatlar haqida boshqarma xodimlari yig‘ilganlarga batafsil ma’lumotlar yetkazildi. Ayniqsa, psixologik treninglar ishtirokchilarga o‘ziga xos turtki berish asnosida, ularga ruhiy tetiklik va a’lo kayfiyat bag‘ishladi. 

Qolaversa, jonli qo‘shiqlar, ohanglar tadbir qatnashchilariga yanada jo‘shqinlik baxsh etgan bo‘lsa, interaktiv o‘yinlar ularda yorqin taassurotlar qoldirgani shubhasiz. Bundan tashqari, ishtirokchilarga viloyat teatri ijodkorlari sahnalashtirgan “Sirli sandiqcha” spektakli namoyishi zavq ulashdi. Mehr-oqibat, insoniylik haqida so‘zlovchi mazkur teatr tomoshasi kouchingda qatnashgan har bir kishiga o‘ziga xos estetik va tarbiyaviy ozuqa berdi. 

Tadbir yakunida, unda faol qatnashganlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasining esdalik sovg‘alari taqdim qilindi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA