English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoya siyosati yangi strategiya asosida amalga oshiriladi
13:32 / 2022-08-02

Joriy yilning 25 iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmon bilan 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlardan kelib chiqib hamda ijtimoiy himoya sohasida tizimli islohotlarni izchil davom ettirish va yanada takomillashtirish, aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash, davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishda samarali idoralararo muvofiqlashtiruvchi tizimni yaratishni ko‘zlab juda ham katta  va keng qamrovli O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab qo‘yilgan.

Farmonga ko‘ra, Moliya vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi. 

Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lanishi joriy qilinadi. Kelgusida davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha beriladigan nafaqalar “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich to‘lanadi. 

Strategiyaning asosiy maqsad va yo‘nalishlari haqida Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyati boshqarmasi sho‘’basi rahbari Abdurashid Rahimov quyidagilarni gapirib berdi.

– O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan davrda ustuvor yo‘nalishlarni va kompleks chora-tadbirlarni belgilab beradi, – deydi A.Rahimov. – Strategiya davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya dasturlarini qamrab oladi. Ya’ni, 

1) ijtimoiy yordam dasturlari doirasida 

kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash;

kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasini tayinlash;

yoshga doir nafaqalarni tayinlash;

zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalarni tayinlash;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga parvarishlash nafaqasini tayinlash;

bolalikdan nogironlik nafaqasini (I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga) tayinlash;

nogironligi bo‘lgan bolalar nafaqasini (18 yoshgacha) tayinlash;

o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga hamda hayot uchun xavfli va surunkali rivojlanadigan kam uchraydigan (orfan) kasallikka chalingan bolalarga nafaqa tayinlash;

boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini tayinlash;

bir martalik dafn etish nafaqasi berish;

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan pul mukofotini berish;

fuqarolarning ayrim toifalariga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish bo‘yicha imtiyozlar berish;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash;

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bir martalik moddiy yordam berish singari yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. 

2) ijtimoiy ta’minot dasturida

yoshga doir pensiyasini tayinlash;

nogironlik pensiyasini tayinlash;

boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash;

Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslarga pensiya tayinlash;

homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash;

vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash;

ishsizlik nafaqasi tayinlash;

ishdan bo‘shatish nafaqasi tayinlash;

ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi oqibatida dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa, nogironlik pensiyasi hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlashni o‘z ichiga olgan.

3) Ijtimoiy xizmatlar dasturlari doirasida 

«Mehribonlik» uylari, bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi bolalar uylarida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;

«Saxovat» keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar, «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylarida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;

keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;

Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan ekspertiza xizmatlarini ko‘rsatish;

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun hududiy reabilitatsiya markazlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish;

keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, yakka tartibdagi ijtimoiy xizmatlar dasturini shakllantirish va amalga oshirish;

«Temir daftar»ga kiritilgan oilalar, «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlar, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar va «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga tibbiy, psixologik va boshqa xizmatlarni ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan.

4) Mehnat bozoridagi faol chora-tadbirlar dasturlari doirasida 

haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish;

davlat maqsadli jamg‘armalari (subsidiyalar, grantlar va kredit liniyalari) hisobidan bandlikni rag‘batlantirish va tadbirkorlikka jalb etish;

mahalliy mehnat organlari tomonidan ish qidirayotgan hamda ishsiz shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish;

ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yish;

ish qidirayotgan hamda ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga va tahqirlanishga duchor bo‘lgan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarisiz, mablag‘larsiz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish hamda ularga moddiy yordam ko‘rsatish;

mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga ayrim xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lash;

rivojlangan davlatlarga uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplab berish;

fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirishga ko‘maklashish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.

Strategiyani amalga oshirish jarayonida аҳолиga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish, xususan, маҳалла darajasida ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ro‘yxati va standartlarini aniqlash, nogironlikni belgilashni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, internat shaklidagi muassasalarni noinstitutsionallashtirish maqsadi ko‘zlangan.

Mehnatga layoqatli aholini ijtimoiy ta’minot bilan qamrab olish yo‘nalishida ижтимоий sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, hamda uni xalqaro standartlarga asosan rivojlantirish, onalikning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish belgilangan.

Davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam dasturlarini mustahkamlash yo‘nalishida esa davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamning aholining ehtiyojmand qatlamlariga manzilli yetkazib berilishini ta’minlash, kambag‘al oilalarning qashshoqlikka tushishiga yo‘l qo‘ymaslik, oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy yordam tayinlash tartibini soddalashtirish va mezonlarini doimiy ravishda takomillashtirib borish, aholining zaif qatlamlari mehnat bozoridagi faol chora-tadbirlardan foydalanishini kengaytirish yo‘nalishlarida ham bir qator maqsadlar mavjud. 

Umuman, mazkur hujjat juda katta qamrovni, chora-tadbirlarni  va dasturlarni o‘z ichiga oladi va uning ijrosini ta’minlashda Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi, Tibbiy–ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va boshqa bir qator vazirlik va idoralar, davlat qo‘mitalari faol ishtirok etishi belgilangan.

O‘zA muxbiri

G‘.HASANOV yozib oldi.