Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoya: rejalardan umidlar katta
12:06 / 2026-01-28

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi tizimidagi sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026 yilga mo‘ljallangan rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Tadbirda soha xodimlari, mahallalardagi kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ishtirok etdi. Unda ijtimoiy himoya sohasida erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Xususan, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir viloyatda 76 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatda turadi. Joriy yilda 27 ming nafardan ziyod fuqaroga nogironlikni belgilashning yangi standarti asosida xulosa berilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, minglab fuqarolarning bandligi ta’minlanib, reabilitatsiya va protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlash qamrovi kengaytiriladi. 

Inklyuziv ta’lim yo‘nalishiga bolalar jalb etilib, maktablarda to‘siqsiz muhit yaratish ishlari davom ettiriladi. Yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlash va ularni oliy ta’lim muassasalariga yo‘naltirish choralari kuchaytiriladi. Bundan tashqari, ijtimoiy karta tizimini kengaytirish orqali ijtimoiy to‘lovlarning manzilliligi oshirilib, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish ta’minlanadi. Mahallalarda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali ehtiyojmand aholiga ko‘mak berish ishlari izchil davom ettiriladi. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonovning ta’kidlashicha, bu yil ham davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni o‘z egalariga vaqtida yetkazish asosiy vazifa etib belgilangan. Shu bilan birga, Chirchiq shahri, Nurafshon shahri va Bekobod tumanida hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari hamda agentlik hududiy boshqarmasining yangidan qurilayotgan binosi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 

A.Musayev, O‘zA.