Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoya milliy agentligi sanatoriylarida sog‘lomlashtirish ko‘lami kengaymoqda
14:41 / 2025-10-23

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismining hayot sifatini yaxshilash va reabilitatsiya imkoniyatlarini kengaytirish davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. So‘nggi yillarda bu borada olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida sanatoriyalar faoliyati ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi sanatoriylarda yaratilayotgan shart-sharoitlar, zamonaviy tibbiy xizmatlar, reabilitatsiya dasturlarining kengaytirilishi hamda yo‘llanma asosidagi imkoniyatlarning ko‘paytirilishi aholining keng qatlamlarini qamrab olishga xizmat qilmoqda.

2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi sanatoriylarda aholining ehtiyojmand qatlamlarini sog‘lomlashtirish va reabilitatsiya qilish ishlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu davrda 11 ta sanatoriyda jami 53,1 ming nafar fuqaro sog‘lomlashtirildi. Bu esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 114,8 foizga ko‘p.

Sanatoriylarda dam olganlarning 40,9 ming nafari yo‘llanma asosida, 12,2 ming nafari esa pullik asosda sog‘lomlashtirildi. Bu raqamlar aholining, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarning sanatoriy xizmatlariga bo‘lgan talabi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, pullik xizmatlarning ko‘paygani tizimning moliyaviy barqarorligini ham ta’minlamoqda.

Yo‘llanma asosida sog‘lomlashtirilganlar orasida:

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar — 27,2 ming nafar (66,4%),

Yoshga doir pensiya oluvchilar — 11,9 ming nafar (29,1%),

O‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar — 1 022 nafar (2,5%),

Boshqa toifalarga kiruvchi shaxslar — 808 nafar (2%).

Bu tarkibdan ko‘rinib turibdiki, sog‘lomlashtirish dasturlarining asosiy qismi nogironligi bo‘lgan fuqarolarga qaratilgan. Shu orqali davlat ularning sog‘lig‘ini tiklash, ijtimoiy faolligini oshirish va hayot sifatini yaxshilashni maqsad qilgan.

2025 yilda ayrim toifa fuqarolarni sog‘lomlashtirish ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Jumladan, urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslar soni 2024 yildagi 120 nafardan 316 nafarga yetib, 2,6 barobar o‘sish kuzatildi. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar soni esa 11 ming 629 nafardan 27 ming 197 nafarga ko‘tarilib, 2,3 barobar o‘sish qayd etildi. Bu ko‘rsatkichlar so‘nggi yillarda ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasi sifatida baholanmoqda. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan sanatoriy tarmog‘ini modernizatsiya qilish, xizmatlar sifatini oshirish va yo‘llanma taqsimotini elektron shaklga o‘tkazish choralari sog‘lomlashtirish jarayonini samarali tashkil etish imkonini bermoqda. Natijada ehtiyojmand toifalarga mansub fuqarolarning sanatoriylarga jalb etilishi oshib, ularning sog‘lig‘ini tiklash, ruhiy va jismoniy holatini yaxshilash bo‘yicha kompleks yondashuv yo‘lga qo‘yildi.

2025 yilning yanvaridan sentyabrigacha bo‘lgan davr shuni ko‘rsatmoqdaki, Ijtimoiy himoya milliy agentligi sanatoriy tizimi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini sog‘lomlashtirishda muhim o‘rin egallamoqda. Sog‘lomlashtirish ko‘lami yil sayin kengayib, ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslangan davlat siyosatining amaldagi ifodasiga aylanmoqda.

Kelgusida sanatoriy infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tibbiy-reabilitatsion xizmatlar sifatini oshirish va raqamli boshqaruv tizimlarini keng joriy etish orqali bu yo‘nalish yanada rivojlantirilishi kutilmoqda.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA