Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoya masalalarini yoritishda OAV ning roli
09:55 / 2024-09-28

Navoiy shahridagi “Zarafshon Dedeman” mehmonxonasida Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida “Iqtisodiyotni rivojlantirish va fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish masalalarini yoritishda ommaviy axborot vositalari salohiyatini oshirish” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.

Unda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi mutaxassisi Farrux Bafoyev “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida aholini ijtimoiy muhofaza qilish yo‘nalishida belgilangan vazifalar, viloyatda nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, aholining, jumladan, yolg‘iz keksalarning murojaat va muammolari bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

– Bugungi kunda viloyatda 330 ta mahallada 168 nafar ijtimoiy xodim faoliyat olib bormoqda va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalariga 123 turdagi xizmat va yordamlar ko‘rsatilmoqda, – dedi F.Bafoyev. – Ijtimoiy xizmatlarni tashkillashtirish bo‘yicha mutaxassislar (operator) oynasiga 23817 ta arizalar kelib tushgan bo‘lib, ularning 14742 tasiga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatilgan. 9075 tasi esa o‘rganish jarayonida. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari tomonidan 2976 keys ochilgan. O‘tgan davr mobaynida 3847 nafar shaxsga nogironlik belgilandi.

vacansy.argos.uz saytiga 382 ta nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov e’lon qilingan. Hozirgi kunda 540 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 834 nafariga o‘qishga, 4529 nafar sportga layoqatli 10-35 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga esa parasportga tavsiya berildi. 

O‘quv seminarida O‘zMU jurnalistika fakulteti professori Yoqutxon Mamatova, jurnalist Nozima Toshpo‘latovalar “Iqtisodiy va ijtimoiy himoya masalalarini OAVlarida yoritish”, “Mavzu doirasida materiallar tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Iqtisodiy mavzudagi media materiallarning zamonaviy formatlari”, “Ijtimoiy-iqtisodiy axborot manbalarining ishonchliligi. Axborot manbalari bilan ishlash” va boshqa bir qator mavzularda tushunchalar berdi.

[gallery-19497]

– O‘quv seminari har tomonlama foydali bo‘ldi, – deydi “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati muxbiri Gulrux Ahadova. – Unda materiallarning o‘ziga xos mazmunini o‘rganish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilib, trenerlar qiziqarli matnlar, sarlavhalar, material formatini to‘g‘ri tanlash, shuningdek, ishonchli ma’lumot manbalarini tayyorlashning nazariy asoslarini tushuntirdi. Hamkasblarimiz bilan birgalikda bo‘lib berilgan mavzularda ishlab, tajriba almashdik.

Ikki kun davom etgan o‘quv seminarida qatnashchilar guruhlarga bo‘lingan holda amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari