Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoya inson manfaatlariga xizmat qiladi
14:16 / 2025-12-22

Bugungi kunda ijtimoiy himoya tizimida manzilli yondashuv, individual rejalashtirish va hamkorlikda ishlash eng samarali usullardan biri bo‘lmoqda.

Buxoro viloyati Shofirkon tumani “Mazlaxon Chandir” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Muhayyo Muhammedova 2-guruh nogironligi mavjudligiga qaramay, u hayotga faol qaraydigan, o‘z imkoniyatlarini kengaytirishga intiluvchi va mehnat orqali mustaqil daromad topishga harakat qilayotgan ayollardan.

Mahallada faoliyat olib borayotgan ijtimoiy xodim tomonidan fuqaro bilan manzilli suhbat o‘tkazildi. Uning ehtiyojlari, muammolari va imkoniyatlari o‘rganildi. Shu asosda Muhayyo Muhammedova uchun individual ijtimoiy xizmatlar rejasi ishlab chiqildi va mazkur reja doirasidagi chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirildi.

Olib borilgan tizimli ishlar natijasida fuqaro va uning oilasi hayotida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, xonadon bo‘yicha Kambag‘al oilalar reyestriga kiritish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazildi va Oila reyestrga kiritildi. Natijada bolalar nafaqasi tayinlanib, oilaning moliyaviy ahvoli ma’lum darajada barqarorlashdi.

Shuningdek, farzandlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Oiladagi kichik farzand imtiyozli tartibda hududdagi 16-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirildi. Qizi esa imtiyoz asosida matematika fanidan o‘quv kursiga jalb etildi. Uning bilim va salohiyatini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Ayolning o‘z ustida ishlashga bo‘lgan intilishi e’tibordan chetda qolmadi. Mahalla xotin-qizlar faoli tomonidan berilgan tavsiyanoma asosida Muhayyo Muhammedova grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Bundan tashqari, maktab direktori bilan hamkorlikda u “Barkamol avlod” bolalar markaziga ishga joylashtirilib, fuqaroning yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati doirasida barqaror bandligi ta’minlandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.