French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy himoya: hech kim e’tibordan chetda qolmaydi
17:18 / 2025-06-05

Buxoroda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Mazkur tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari Buxoro tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, Oybek mahallasi hamda keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan Buxoro sanatoriy faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Press-tur davomida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida “Nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga kompleks yondashuv asosida ko‘rsatiladigan professional ijtimoiy xizmatlar” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. 

– Bugungi kunda viloyatimizda 30 ta ijtimoiy muassasa va 7 ta Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiya faoliyat olib bormoqda. Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni esa 49 tadan 109 taga yetkazildi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Umarov. – Xususan, 71 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam, 16 turdagi tushuntirish, 22 turdagi referal xizmatlar ko‘rsatilmoqda. 

Press-tur ishtirokchilari Buxoro tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida bo‘ldi. Markaz direktori Lazizjon Haydarov mehmonlarga markaz faoliyati, xizmat ko‘rsatish mexanizmini misollar orqali tushuntirib berdi.

– Biz har bir murojaatchi bilan alohida yondashuv asosida ishlaymiz. Misol uchun, nogironligi bo‘lgan shaxsning sog‘lig‘i, psixologik holati, ijtimoiy hayotga jalb etilishi va boshqa omillar kompleks baholanadi. Shundan so‘ng unga kerakli xizmatlar ko‘rsatiladi yoki tegishli tashkilotlarga yo‘naltiriladi, – deydi Lazizjon Haydarov.

Jurnalistlar markazga murojaat bilan kelgan fuqarolar bilan suhbatlashib, ularning muammolarini hal etishdagi yondashuvni bevosita kuzatdi.

Ishtirokchilar tumandagi Oybek mahallasida ham bo‘ldi. Mahalla ijtimoiy xodimi Sitora Mirsoliyevaning aytishicha, mahallada yashovchi ehtiyojmand fuqarolar har tomonlama ro‘yxatga olinib, ularning holati muntazam kuzatib boriladi.

– Ijtimoiy xodimlik mening hayotimdagi chaqiruvim. Maqsadim – odamlarni jamiyatga olib kirish, ularga keraklilik hissini singdirish. Men ular bilan nafaqat ish, balki hayotiy do‘st sifatida ham suhbatlashaman, – deydi Sitora Mirsoliyeva.

Press-tur ishtirokchilari hayotiy sinovlarga duch kelgan Shamsiyabonu xonadonida ham bo‘ldi. U 2024 yilda avtohalokat oqibatida nogironlik orttirgan. Mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan uning holati o‘rganilib, zarur ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi.

– Menga nogironlik belgilandi, onamga qarovchilik nafaqasi tayinlandi. Psixologik xizmatlar, aravacha, sog‘lomlashtirish marafonida ishtirok etish, bular hayotimda katta o‘zgarishlar yasadi, – deydi Shamsiyabonu.

Ayni paytda u 1-guruh nogironlik darajasiga ega bo‘lib, oilasi bilan birga yashamoqda. Otasi ham rasmiy parvarishlovchi sifatida ish bilan ta’minlangan. Bu esa oila uchun barqaror ijtimoiy tayanch yaratdi.

Press-tur  ishtirokchilari ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilgan Shaxrizod Shokirovning xonadonida ham bo‘ldi. U rasm chizishga qiziqadi, orzusi arxitektor bo‘lish. “Inson” markazi tomonidan taqdim etilgan elektron aravacha esa uning hayotini o‘zgartirgan.

– Oldin mashg‘ulotlarga faqat dadam yoki ularning do‘stlari bilan bora olardim. Endi esa o‘zim mustaqil borib kela olaman. Bu men uchun katta erkinlik. Kelajakda men kabi nogironligi bo‘lganlar uchun zamonaviy, qulay binolar loyihalashtirmoqchiman, – deydi Shaxrizod.

[gallery-23775]

Ishtirokchilar Buxoro sanatoriysida keksalar, nogironligi bo‘lganlar, urush va mehnat faxriylari uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Fizioterapiya, psixologik tiklanish, madaniy hordiq va sog‘lomlashtirish xonalari bilan jihozlangan zamonaviy sanatoriy ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.

Ijtimoiy himoya sohasi – jamiyatning e’tibor va qo‘llovga muhtoj qatlamlariga bevosita xizmat qiluvchi sharafli va mas’uliyatli yo‘nalishdir. Yagona maqsad – hech kim e’tibordan chetda qolmasligi kerak.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/RuUFNc2vDBQ?si=NTfNDpNu-8LtC9oL" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.