Bugungi globallashgan, tezkor jamiyatda ta’lim faqat bilim berish, fakt va ma’lumotlarni yetkazishdan iborat bo‘lishi mumkinmi? Bu savolga javob izlayotgan zamonaviy ta’lim tizimlari tobora ko‘proq ijtimoiy-emotsional ta’lim (Social-Emotional Learning – SEL) metodikalariga murojaat qilmoqda. Chunki o‘quvchilarning ruhiy holati, his-tuyg‘ulari, o‘zini anglash darajasi va ijtimoiy munosabatlari ularning o‘quv faoliyati va umumiy hayotiy muvaffaqiyatida hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
Ijtimoiy-emotsional ta’lim – bu o‘quvchilarning o‘z his-tuyg‘ularini tan olish, boshqarish, ijtimoiy muhitda o‘zini tutish, boshqalarni anglash va axloqiy qarorlar qabul qilishga o‘rgatuvchi tizimli jarayon.
SEL ta’lim metodikasi orqali o‘quvchilarning shaxsiy his-tuyg‘ulari, kuchli jihatlari tushuniladi va ularda stressni boshqarish, maqsadga erishish, xatti-harakatlarni nazorat qilish kabi ko‘nikmalar shakllantiriladi. Qolaversa, empatiya, ya’ni boshqa insonlarning his-tuyg‘ularini tushunish, madaniyatlararo hurmat shakllanadi. Ushbu metodni qo‘llash orqali, ijobiy, ijtimoiy aloqalar o‘rnatish, mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, mas’uliyatli qarorlar qabul qilish mumkin.

An’anaviy ta’limda o‘qituvchi asosiy bilim beruvchi sifatida ko‘riladi. Biroq, bolalar shunchaki bilim qabul qiluvchi emas, balki his qiluvchi, o‘z ruhiy dunyosiga ega shaxslardir. O‘qituvchi o‘quvchining ruhiy holatini inobatga olib yondashsa, bola o‘zini tushunilgan deb his qiladi va o‘rganishga qiziqishi oshadi. Samarali muloqot shakllanishi orqali o‘quvchi fikrini erkin bildiradi, savol berishga, muhokamada qatnashishga tayyor bo‘ladi. Ruhiy holati inobatga olingan bola sinfdagi jamoaga o‘zini tegishli his qiladi va ko‘proq faollik ko‘rsata oladi.
E’tiborsizlik, urushqoq xatti-harakatlar, e’tirozlarning aksariyat qismi ko‘pincha ruhiyatga yetarlicha e’tibor berilmaganidan kelib chiqadi. Darsning mohiyati faqat fakt va qoidalarni yodlatish emas. Ta’lim – bu insonni shakllantirish, ya’ni bilim, mahorat, qadriyatlar va emotsional savodxonlikni uyg‘un rivojlantirishdir. Har bir fan orqali SEL elementlarini kiritish mumkin. Masalan, tarixda muammolarning kelib chiqishini o‘rganish, adabiyotda o‘zini-o‘zi ifoda etish, biologiyada sog‘lom odatlarni o‘rganish shular jumlasidan.

Chet el tajribasida ham SEL metodi ta’limda yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rishimiz mumkin. AQSHning ko‘plab shtatlarida ushbu model yo‘lga qo‘yilgan. Natijada o‘quvchilarning baholari, ijtimoiy xulq-atvori, o‘zini anglash darajasi oshgan.
Hindistonning markazi Dehlida esa “Happiness Curriculum” maktab dasturiga kiritilgan. Unda bolalar har kuni o‘z his-tuyg‘ularini anglash, ularga nom berish, murosaga kelish haqida darslar o‘tadi.
Qolaversa, dunyo bo‘yicha ta’lim tizimida eng ilg‘or mamlakatlardan biri deya tan olingan Finlyandiyada ham SEL kundalik dars jarayoniga chuqur singdirilgan. O‘quvchilar o‘z-o‘zini baholash, emotsional refleks, jamoada qaror qabul qilish orqali akademik va hayotiy muvaffaqiyatga erishmoqda.
Mamlakatimizda ham ushbu metodni ta’lim tizimida qo‘llash va uning istiqbollari bo‘yicha Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Bir necha soha mutaxassislari o‘z ma’ruzalarida ijtimoiy-emotsional ta’lim haqida atroflicha izoh berishdi.
Agar O‘zbekistonda SEL metodikasi joriy etilsa, akademik o‘sish, darsga qiziqish, mustaqil fikrlash kuchayadi. Imtihon natijalari yaxshilanadi. Tashvish, depressiya va stress darajasi pasayadi. Bolalarda o‘ziga ishonch ortadi. Jamoada ishlash, o‘qituvchiga ishonch, sinfdoshlarga ijobiy munosabat kuchayadi va eng muhimi, o‘quvchilar fuqarolik mas’uliyatini his qiluvchi, liderlikka tayyor avlodga aylanadi.
Ta’lim – faqat bilim berishdan iborat, degan fikr zamonaviy pedagogik bilimlar va tajribalar asosida cheklangan. SEL metodikalari har bir o‘quvchining ruhiy, emotsional, sotsial ehtiyojlarini hisobga olib ishlash orqali ta’lim sifatini sezilarli darajada oshiradi.
Agar SEL tizimli ravishda joriy etilsa, O‘zbekiston uchun bu yangi bosqich bo‘lishi mumkin. Biz akademik ko‘rsatkichlar, maktab muhiti, yoshlarning ijtimoiy salohiyati va psixologik barqarorligida sezilarli o‘sishlarga erishishimiz mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA