English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy davlatchilikning huquqiy asosi
14:14 / 2019-12-06

Xalqimiz mustaqillikning bebaho ne’mati, fuqarolar haq-huquqlari ishonchli kafolati – Konstitutsiyamiz 27 yilligini cheksiz g‘urur va iftixor bilan nishonlamoqda.


8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

Xalqimiz mustaqillikning bebaho ne’mati, fuqarolar haq-huquqlari ishonchli kafolati – Konstitutsiyamiz 27 yilligini cheksiz g‘urur va iftixor bilan nishonlamoqda.

O‘tgan davr mobaynida Konstitutsiya xalqimiz ijtimoiy-siyosiy ongini, huquqiy saviyasi hamda madaniyatini o‘zgartirish va yuksaltirishda beqiyos ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, ijtimoiy adolat g‘oyalarini, demokratik qadriyatlar hamda insonparvarlik mafkurasini singdirish borasida muhim omil bo‘lganini e’tirof etish joiz.

Konstitutsiyada davlatimizning ijtimoiy-siyosiy tabiati, yuridik mohiyati hamda demokratik tavsifi o‘z ifodasini topgan. Asosiy qonun vositasida davlat, jamiyat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar, uzviy aloqadorlik huquqiy rasmiylashadi.

Ma’lumki, Konstitutsiya davlat qonunlari tizimida alohida nufuzli maqom tutadi. Zero, u yuridik kuchi va tartibga solish qamrovi jihatidan eng yuqori darajada turuvchi qonun bo‘lib, mamlakat huquqiy tizimi ehromida oliy mavqeni egallaydi. Boshqacha aytganda, Konstitutsiya davlat suverenitetining yuksak yuridik timsoli sifatida barcha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar sirasida shaksiz ustuvorlik qiladi.

Davlatimiz xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi demokratik tabiatga ega bo‘lgani bois o‘z faoliyatida demokratizm, xalq hokimiyatchiligi, ijtimoiy-siyosiy-huquqiy plyuralizm, inson huquqlarining ustuvorligi, ijtimoiy adolat, hokimiyatlar taqsimlanishi, qonuniylik, qonun va sud oldida barchaning tengligi, milliy qonunchilikning xalqaro umume’tirof etilgan prinsip va standartlarga mosligi kabi prinsiplarga tayanadi.

Ijtimoiy adolat tamoyillari va demokratiya mezonlariga asoslanib amalga oshiriladigan davlat hokimiyati xalq manfaatini ifoda etib, jamiyatni boshqarish hamda rivojlantirishga xizmat qiluvchi yaratuvchanlik, bunyodkorlik omili (ijodkor kuch) sifatida maydonga chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi moddalariga muvofiq, davlatimizning ijtimoiy yo‘naltirilgan, insonparvar-ijtimoiy tabiat va mohiyatga ega ekanini e’tirof etish mumkin. Avvalo, Asosiy qonunimizning muqaddimasida davlatning maqsadi respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlash, deb belgilangan. 2-moddasida esa davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’ul ekani aytilgan. Ushbu konstitutsiyaviy talab davlatning jamiyat va fuqarolar oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini to‘la-to‘kis bajarish sohasiga ham taalluqlidir.

Asosiy qonunimizda mustahkamlanganidek, barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart. Ijtimoiy adolat prinsipiga urg‘u berilishi davlatga, uning barcha organlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Shaxsni hurmat qilish, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish – davlat organlari, jamoat tashkilotlari hamda mansabdor shaxslarning majburiyatlari hisoblanadi (30-modda).

Ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyada ijtimoiy davlatga xos quyidagi normalar mustahkamlangan: har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir (37-modda). Ushbu konstitutsiyaviy talabni amalga oshirish maqsadida “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida” qonun qabul qilingan. Keyinchalik “Bandlik to‘g‘risida”gi qonun yaratilib, joylarda mehnat birjalari faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi.

Ijtimoiy tabiatga ega davlatimiz har kimga qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda belgilangan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqini kafolatli ta’minlaydi. Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordamning boshqa turlari miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdoridan oz bo‘lishi mumkin emas (39-modda).

Ijtimoiy sohaning muhim yo‘nalishlaridan biri aholi sog‘lig‘ini saqlash tizimini joriy etishdir. Konstitutsiyamizda har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Mamlakatimizda aholi salomatligini yanada yaxshilash bo‘yicha muhim dasturlar qabul qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Sog‘liqni saqlash tizimini 2019-2025 yillarda rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Bugungi kunning talabi bo‘lgan xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi uch yilda Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajara borib, ijtimoiy sohada salmoqli ishlar amalga oshirildi, ijtimoiy himoyaning tamomila yangi modeli yaratildi. Ijtimoiy adolat tamoyilini ta’minlash, ko‘mak va yordamga muhtoj insonlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘laqonli hayot kechirishlari uchun munosib sharoit yaratib berish masalasi davlatimiz diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.

Ijtimoiy davlatning muhim funksiyalaridan yana biri aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ustuvor qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining quyidagi so‘zlari tahsinga loyiq: “Aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida elektr energiyasi, tabiiy gaz va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarning bir qismini davlat tomonidan kompensatsiya qilish choralarini ko‘rishimiz lozim”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 45-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir. Yurtimizda katta yoshdagi avlodga, keksalarga hurmat ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgandir. Shuningdek, voyaga yetmaganlar ombudsmani institutini joriy etish borasidagi tashabbuslar ham tahsinga loyiq.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi salmoqli ijtimoiy va insonparvar moddalarni o‘z mazmuniga jo etgan. Konstitutsiyamiz o‘rnatgan prinsip va normalar davlatimizning mohiyatini, siyosiy-ijtimoiy tabiatini ham belgilab beradi. U amal qilayotgan yillar mobaynida davlatimizning ijtimoiy yo‘naltirilgan funksiyalari, insonparvar tabiati ham tobora yaqqolroq namoyon bo‘lib bormoqda.

Konstitutsiya va uning negizida yaratilgan ijtimoiy qonunchilik tizimi hamda ushbu qonunchilik bazasini hayotga joriy etish bilan bog‘liq davlat funksiyalari yo‘nalishlarini tahlil qilish asosida shunday xulosaga kelish mumkinki, davlatimiz o‘z faoliyati mazmuniga ko‘ra, demokratik huquqiy ijtimoiy davlat martabasiga tobora ko‘proq ega bo‘lib bormoqda. 

Harakatlar strategiyasining ijtimoiy sohani rivojlantirishga oid yo‘nalishida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishga bag‘ishlab tasdiqlangan Davlat dasturlari ijrosini ta’minlash asnosida, shuningdek, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nomlangan 2019 yilda aholining imkon qadar keng qatlamlari tirikchilik manbai va zarur mablag‘larga ega bo‘lishi maqsadlaridan kelib chiqib, 370 ming yangi ish o‘rni yaratildi. Shu maqsadda jamoat ishlari jamg‘armasidan 106,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

“Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari doirasida 252,7 mingdan ziyod yurtdoshimiz tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi. Ayni vaqtda ishsizlik nafaqalari to‘lash muntazam yo‘lga qo‘yilib, 31,9 ming shaxsga pul mablag‘lari to‘lab berildi.

Davlatimizning ijtimoiy tabiati va mohiyatini namoyon etuvchi, isbot qiluvchi bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Tahlilimizni davlatimiz rahbarining quyidagi fikrlari bilan yakunlaymiz: “Barchamiz bir narsani tushunib olishimiz kerak: yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq va erkinlik bilan birga, javobgarlik va mas’uliyatni ham chuqur his etishimiz zarur. Bunga erishish esa, faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq. Ko‘zlangan marralarimiz qanchalik yuksak va mashaqqatli bo‘lmasin, ularga yetish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud. Ajdodlarimiz merosi, xalqimizning ilmiy va bunyodkorlik salohiyati hamda tadbirkorlik fazilati bizga bu yo‘lda beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi”.

Hojimurod ODILQORIEV,
Yuridik fanlari doktori, professor.