Inson aziz, uning hayoti, huquqlari, istaklari muqaddas. Zotan, har kim o‘zi tug‘ilib-o‘sgan diyorda baxtli kun kechirishga haqli. Bu maqsadlar ustuvorligiga qaratilayotgan e’tibor sizu-biz birgalikda bunyod qilayotgan – Yangi O‘zbekistonda bosh tamoyillardan sanalayotgani aslan, eng buyuk evrilish.
Biroz ortga qaytamiz va Konstitutsiyaning 29 yilligiga bag‘ishlangan tabrikni eslaymiz. Demak, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 7 dekabr kuni qutlug‘ sana munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida «Hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat», degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi», deb ta’kidlagani hammamizga ma’lum.
MUSHKUL, AMMO MUMKIN
2022 yil 25 may.
Shu kuni Davlat rahbarining «Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.
Qaror asosida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, jumladan, kam ta’minlangan bolali oilalarni aniq yo‘naltirilgan tarzda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy farovonlik darajasini oshirish, keksa avlod vakillari manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat tadbirlarini izchil davom ettirish maqsadida, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi.
Tan olish lozim, davlat uchun muayyan guruhlarni bir martalik moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bir qarashda odatiy va murakkab bo‘lmagan jarayon bo‘lib ko‘rinadi. Biroq, bu o‘rinda fikrni kalta qaytarish yaramaydi, nazarimizda.
Zotan, ijtimoiy islohotlar chegarasi faqatgina shu holat bilan yakunlanmaydi. Ya’ni, o‘sha kuni e’lon qilingan qaror so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan inson manfaatlariga qaratilgan islohotlar silsilasida bir bo‘g‘in xolos. Uni eslashimizdan maqsad esa, bunday ko‘maklar odatda aholi xotirasida uzoq saqlanadi va u orqali boshqa misollarga o‘tish imkoni oson. Aytaylik, «Ayollar daftari», «Temir daftar», «Yoshlar daftari» kabi ijtimoiy qo‘llov vositalariga aylangan islohotlar.
Bu yil oliy ta’lim muassasalariga kirgan minglab xotin-qizlarga ijtimoiy ehtiyojini inobatga olib, to‘lov-kontrakt pullari to‘lab berilmoqda. Ta’lim kreditlari foizsiz ajratilmoqda va magistratura bosqichidagi xotin-qizlarga shartnoma pullari yuz foiz to‘landi.
O‘z navbatida boquvchisini yo‘qotgan, jismoniy imkoniyati cheklangan, yolg‘iz oilalarga manzilli yordam qilish kabi ustuvor maqsadlarga erishishda yuqoridagi vositalar eng ishonchli institut vazifasini bajarmoqda.
E’tibor qiling, bu ijtimoiy islohotlar pandemiya oqibatlari to‘la bartaraf etilmagan, dunyoda yangi chaqiriqlar, geosiyosiy nizolar kuchaygan, insoniyat oldidagi muammolar kun sayin dolzarblik kasb etayotgan pallada amalga oshirilmoqda.
SOBITQADAMLIK VA KUCHLI SIYOSIY IRODA NAMUNASI
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tinglash davomida ana shu sobitqadamlik va islohotlar samarasiga bo‘lgan yaqqol ishonchni his etganimiz bor gap.
Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo qilish uchun qo‘yilayotgan vazifalar ko‘lami har qanday barqaror davlat uchun ham anchayin jiddiy ish. Biroq, davlat rahbari o‘zi ta’kidlab o‘tgani kabi, qisqa vaqtda biz katta tajriba to‘pladik va faqatgina o‘zimizga ishongan holda, bunday ulkan vazifalarga qo‘rqmasdan bel bog‘lamoqdamiz.
Binobarin, Prezident tomonidan 2023 yilni «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb e’lon qilish taklif etilgani va bir ovozdan ma’qullangani ham ulug‘ maqsad yo‘lida barchaning yakdil ekanini ko‘rsatdi.
Avvalo, xalqimiz yangi yilga beriladigan nomga jiddiy e’tibor bilan yondashishiga ko‘nikdik. Zero yil nomi islohotlardagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi va buni Yangi O‘zbekistonning kattayu-kichik, barcha fuqarosi tushunib turibdi.
Sir emaski, dunyo miqyosida pandemiya qoldirgan izlar hali batamom bitmadi, mamlakatlar iqtisodiyoti ham tiklanish jarayonini boshidan kechirmoqda. Bu holni xalqimizdagi «tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r», degan naql bilan ifodalasak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zotan, pandemiya manaman degan kuchli iqtisodiyotga ega davlatlarni ham jiddiy o‘ylantirib qo‘yganiga guvohmiz. Oqibatda, ayniqsa, qashshoq mamlakatlar, zaif iqtisodiyotga ega davlatlar hududida millionlab insonlar avvalo ocharchilik muammosi bilan yuzma-yuz kelishdi.
Boz ustiga, joriy yilda xalqaro harbiy harakatlar, beqarorlik kuzatilayotgani ham muammoni vaqtida hal etishni qiyinlashtirmoqda. Bunday og‘ir sharoitda sarhadlar daxlsizligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalari hamda ijtimoiy barqarorlikni bir maromda ushlab turish uchun insonga temir iroda, yuksak salohiyat lozim va u ham jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlansagina o‘z qudratini ko‘rsata oladi.
Murojaatnomada aytilgan qator taklif hamda vazifalar xalqimizga ana shunday ishonchni berdi, davlat rahbari atrofida yanada jipsroq bo‘lib, birlashish istagini mustahkamladi.
Bu ayni paytda har bir yurtdoshimiz tomonidan e’tirof etilayotgan muhim haqiqat.
ASOSLAR BISYOR
Birinchidan, Davlat rahbari o‘z murojaatida «2023 yilda aholi tomonidan taklif berilgan suv, elektr, yo‘l, maktab kabi loyihalar uchun qariyb 3 barobar ko‘p, ya’ni 8 trillion so‘m yo‘naltirilishini ma’lum qildi. Sir emaski, xalqimiz «OpenBudjet” orqali yillar davomida o‘zini qiynab kelgan muammolarning yechilgani guvohi bo‘lmoqda va bu jarayonda faol ishtirokchi bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy bermayapti.
Bu maqsad uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori oshishi esa, shunchaki tasavvur qiling, qancha insonlar mushkulini aritadi.
Har bir mahalla o‘zining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega bo‘lishi zarurligi, o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun, «Mahalla byudjeti» tizimi joriy etilishiga doir takliflar ham bevosita fuqarolar hayotini sifat jihatidan yaxshilashda katta qadam bo‘lishi tabiiy.
Shu o‘rinda fuqarolar uchun eng muhim yo‘nalishlardan bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimi borasida bildirilgan fikrlarni ham alohida aytib o‘tish joiz. Davlat rahbari kelasi ikki yilda har bir oilaviy poliklinika va shifokor punktiga eng kerakli uskuna va jihozlar yetkazib berilishi, ekspress laboratoriyalar to‘liq yangilanishini ma’lum qildi. Bu vazifaning ahamiyati va natijasi to‘g‘risida ortiqcha izoh shart emas. Yoz jaziramasi yoxud qish qahratonida o‘z hududidan olisga bormay turib, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati yaratilishi xalqimiz uchun qanchalik ahamiyat kasb etishi hammamizga kundek ravshan.
Shu bilan birga, keyingi yili qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etilishi ham quvonarli holdir. Qolaversa, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uch yillik katta dastur amalga oshirilishi, barcha tug‘ruq komplekslari to‘liq ta’mirlanishi va jihozlanishi, ularda mavjud o‘rinlar soni yana 35 foizga ko‘paytirilishi xalqimiz uchun bugunning tuhfasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Barchamiz uchun yana bir muhim yo‘nalish, bu – ta’lim sohasi. Prezident bu borada ham qator tashabbuslarni o‘rtaga tashladiki, ularning ijrosi yoshlarga sifatli ta’lim berish orqali jonajon vatanimiz ertasi uchun ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday uzoqni ko‘zlab qilinadigan islohotlar sirasiga 2023 yilda O‘zbekistonda 70 ta yangi maktab qurilishi va 460 ta maktab kengaytirilishini alohida aytib o‘tish joiz. Ikki smenalik ta’limni yo‘q qilish tashabbusi esa, millionlab o‘quvchilarning ko‘zlari quvonchdan porlashiga sabab bo‘lgani ayni haqiqat.
HAMMA GAP O‘ZIMIZDA
Maqsadlar ulkan. Bunday ulug‘vor rejalar, ezgu niyatlarga yetishda, rivojlangan, farovon davlat barpo qilishda bosh islohotchi avvalo o‘z xalqiga, demakki, sizu-bizga ishonmoqda. Zero Murojaatnomada alohida ta’kidlandiki, «Qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz. Bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz».
Darhaqiqat, bu fikrlar va ishonchdan xulosa shuki, bugun har birimiz uchun vazifalar aniq bo‘ldi. Yurtimizda hech kim e’tibordan chetda emas, o‘z navbatida hammaning yutuqlarga o‘z ulushini qo‘shishiga imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ishonamizki, barcha yurtdoshlarimiz bu e’tiborni bugun yurakdan his etdilar. Zero ijtimoiy davlat, bu – har kim ozod va obod yashashi, demakdir.
Zulayho Akromova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati