Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi keng nishonlanmoqda.
Shu yil 21 noyabr kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi. Unga muvofiq, Bosh qomusimizning 33 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilmoqda.
Shuni qayd etish lozimki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 1-moddasida O‘zbekiston boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi mustahkamlab qo‘yildi. Shuningdek, 43-moddada davlat fuqarolarning bandligini ta’minlashi, ularni ishsizlikdan himoya qilishi, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi, fuqarolarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashni tashkil etishi hamda rag‘batlantirishi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur ijtimoiy davlat prinsipidan kelib chiqqan holda mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, xalqaro maydondagi ijobiy tajribalarni o‘rganish asosida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli ishlab chiqildi.
Manzilli ijtimoiy daftarlar — "Temir daftar", "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari", "Mehribonlik daftari" kabi tizim joriy etilib, barcha ehtiyojmand aholi qatlamlari, oilalar qamrab olinmoqda. “Mahalla yettiligi” tashkil qilinib, har bir hudud va mahallaning ijtimoiy infratuzilmasi yaxshilanmoqda, aholi qatlamlarining ichiga chuqur kirib borilmoqda.
Bu kabi sa’y-harakatlar natijasida 2,3 milliondan ortiq ehtiyojmand oila, ayollar, yoshlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar kafolatlangan ijtimoiy himoya bilan ta’minlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 130 milliard dollarlik investitsiya jalb etilib, shu asosda ko‘plab yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, doimiy ish o‘rinlari yaratildi. Natijada oxirgi 8 yil ichida mamlakatimizda 7 milliondan ortiq aholi kambag‘allikdan chiqarilishiga erishildi. Kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizga tushdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi 30 yilda dunyoda ishsizlik darajasi pasayib, o‘ta qashshoqlik ko‘rsatkichlari ikki baravar qisqargan. Xususan, 1,5 milliard kishi qashshoqlikdan qutqarildi. 2025 yil 4-6 noyabr kunlari Dohada bo‘lib o‘tgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammitida mazkur yo‘nalishlardagi tajribalar almashilib, global muloqot maydonida muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Ushbu sammitda davlatimiz rahbari ham ishtirok etib, nutq so‘zlagani, nutqda avvalo, O‘zbekistonning ijtimoiy sohadagi yutuqlari, tajribalari e’tirof etilib, global miqyosdagi tashabbuslar ilgari surilgani e’tiborga molik.
O‘zbekistonning xalqaro maydondagi jarangdor ovozi, bu ovozga nisbatan e’tibor va e’tiroflar esa mamlakatimizning barqaror rivojlanish yo‘lidagi natijador sa’y-harakatlarining samarasidir. Qolaversa, O‘zbekistonning ilg‘or tashabbuslari, takliflari barcha davlatlarning kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun mamlakatimizda yangilangan Bosh qomusimiz asosida izchillik bilan olib borilayotgan ijtimoiy siyosat yurtimiz aholisining ijtimoiy holatini yaxshilashga zamin bo‘layotir. O‘z amaliyotimizdan orttirilgan tajribalar asosidagi chaqiriqlaru takliflar esa dunyo davlatlari va xalqlarining ham ijtimoiy hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga qaratilgani bilan e’tirofga munosibdir.
Muhtarama Komilova, O‘zA