Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy davlat: konstitutsiyaviy islohotlar tamoyilida kasaba uyushmalarining o‘rni va ahamiyati
11:19 / 2023-12-06

Mamlakatimizda joriy yil nihoyatda sermahsul davr bo‘lmoqda. Boisi, joriy yil 30 aprel kuni umumxalq referendumi asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilindi. Bu ko‘p millatli xalqimizning hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat’iy qaror qilganining ishonchli ifodasi bo‘ldi.

Avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mamlakatimizning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatidagi muhim prinsiplari belgilandi.  

Ikkinchidan, Qomusimizda davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Uchinchidan, fuqarolarimiz o‘z siyosiy irodasining amaliy ifodasi sifatida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishi ta’minlanmoqda. Va nihoyat, Qomusimizda oddiy insonlar, xususan, ishchi-xodimlar manfaatini himoya qiluvchi konstitutsiyaviy me’yorlar va normalar belgilandiki, ularning har biri insonlar turmushini yaxshilashga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Jumladan, Konstitutsiyamizda kasaba uyushmalariga alohida e’tibor qaratilgan. Negaki, Kasaba uyushmalari fuqarolik jamiyatining muhim mezoni bo‘lib, mehnatkashlar manfaatini ifodalash uning ustuvor vazifasi hisoblanadi. Har qanday rivojlangan ijtimoiy davlatda kasaba uyushmalari yetakchi o‘rinda bo‘ladi. Shuning uchun ham Konstitutsiyamizning 39-moddasida fuqarolarning kasaba uyushmalariga uyushish huquqlari ko‘rsatib o‘tilgan. 69-moddada esa fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi, fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati qonunga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan.

70-moddaga asosan kasaba uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etilmoqda. 73-moddada esa kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish ixtiyoriydir, deb qayd etilgan. Kasaba uyushmalari ijtimoiy davlatning muhim belgisi hisoblanadi. Ular faoliyati ishchi-mehnatkashlarning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, kasaba uyushmalari harakati faolligi va rivojlanganiga qarab davlatning ijtimoiy siyosatiga, demokratik rivojlanish darajasiga baho beriladi. Kasaba uyushmalari faoliyati ishchilarning ijtimoiy himoyasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgani bois, ular ijtimoiy davlatning ajralmas qismidir. Mamlakatimizda kasaba uyushmalariga munosabat yildan-yilga o‘zgarib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 23 noyabrdagi “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida belgilandi. Bugungi kunda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi 5,5 million a’zoni o‘z ichiga olgan 14 tarmoq kasaba uyushmasi tarkibida 32,5 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilot bor. Tarmoq kasaba uyushmalarining Chirchiq shahrida ham o‘z bo‘limlari bor.

Shulardan biri Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Chirchiq shahar bo‘linmasi kengashidir. Joriy yilda kengash tarkibida tashkiliy masalalar ko‘rildi. Unda kengash tarkibi qisman yangilandi. O‘ndan ortiq madaniy-ma’naviy tadbirlar uyushtirildi, kasaba uyushmasi a’zolarining respublikamiz tarixiy maskanlariga sayohatlari, madaniy kechalar tashkil etildi, pensiyada bo‘lgan faxriy ustozlardan xabar olish tizimi faollashdi.  

Uyushma a’zolari tashabbusi bilan ko‘tarilgan qator masalalar o‘z yechimini topmoqda, muammolar ijobiy hal etilmoqda. Ushbu jarayonda kasaba uyushmasining boshqa jamoat, NNTlar bilan hamkorligini kuzatishimiz mumkin. Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Chirchiq shahar bo‘linmasi mamlakatimizda ijtimoiy davlat g‘oyasini amalda ro‘yobga chiqarish uchun o‘z hissasini qo‘shib keladi va faoliyatini yanada faollashtiradi.  

 

O‘tkir TOJIBOEV,  

Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Chirchiq shahar bo‘linmasi kengashi raisi