Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy davlat deganda, fuqarolarning tengligi, tabaqaga ajralishiga yo‘l qo‘ymaydigan jamiyat tushuniladi
12:14 / 2021-12-14

Konstitutsiyada belgilangan yuksak umuminsoniy va demokratik qadriyatlar «Inson qadri uchun», degan ustuvor tamoyilni ro‘yobga chiqarishda poydevor vazifasini bajarmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiya kuni bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida ham Asosiy qonunimiz erishilgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotgani, xalqimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash, keng ko‘lamli islohotlar, o‘zgarishlarning tayanchi bo‘lib kelayotgani yodga olindi. 

O‘tgan davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi.
Shuning barobarida O‘zbekiston Konstitutsiyasini tahrir qilish zarurati haqida keng qamrovli tashabbuslar ilgari surildi. Ulardan biri  «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash g‘oyasidir. Ayni g‘oya partiyamizning siyosiy maqsadlarini hayotimizda o‘z aksini topayotganligini ko‘rsatadi. Chunonchi, oxirgi saylovlarda biz  mamlakatimizda ijtimoiy tenglik, ijtimoiy adolat va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etish g‘oyasini o‘z dasturimizda ilgari surganmiz.

Ijtimoiy davlat deganda, ijtimoiy sohaga ustuvorlik qaratiladigan, fuqarolarning tengligi, ularning turli tabaqalarga ajralishiga yo‘l qo‘ymaydigan, umum farovonlik ta’minlangan jamiyat tushuniladi. Ayrim rivojlangan Yevropa mamlakatlarida davlatning ijtimoiy maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlangan. Masalan, Germaniya Konstitutsiyasida uning ijtimoiy davlat ekanligi belgilangan. 
Bizda mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatidagi maqomi Asosiy qonunda ko‘rsatilmagan edi. Ammo ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ehtiyojmand aholining ijtimoiy muhofazasiga qaratilgan siyosat ijtimoiy davlatning tub zamini yaratilganidan dalolat beradi. Davlat byudjeti mablag‘larining ellik foizdan ortig‘i ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilayotganining o‘zi ham buni yaqqol isbotlaydi. 

Fikrimizcha, bundan keyin ham ijtimoiy soha, ayniqsa, ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholi bandligini ta’minlash, ularni barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash sohasiga e’tiborni yanada kuchaytiradi. Konstitutsiyamizga «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» tamoyilining muhrlanishi O‘zbekistonimizni erkinlik, imkoniyatlar tengligi, ijtimoiy adolat, birdamlik, ijtimoiy himoya va mas’uliyat prinsiplari hukmronlik qiladigan, Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi so‘zsiz ta’minlangan, insonlarning keskin tabaqalanishiga yo‘l qo‘yilmaydigan va barcha aholi qatlami uchun munosib hayot sharoiti yaratilgan ijtimoiy davlat sifatida rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishi yo‘lida xizmat qiladi.  

Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan ijtimoiy tenglik va ijtimoiy adolat prinsipini amalda ta’minlash bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda.

Birinchidan, kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish maqsad qilib olindi. Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etildi. Bu haqda gap ketganda, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ni, ularga kiritilgan fuqarolar bilan tizimli ishlash yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash lozim. Eng muhimi, odamlarda erkin mehnat qilish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik hisobidan kambag‘allikdan chiqish tajribasi va ko‘nikmasi shakllanmoqda.  

Ikkinchidan, Asosiy qonunimizda kafolatlangan kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlash bo‘yicha har bir insonning huquqlarini amalga oshirishda barcha imkoniyatlar ishga solinayotir. Xususan, ehtiyojmand aholiga yakka tartibdagi uy-joy qurish va ta’mirlash uchun subsidiyalar ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Uchinchidan, o‘tkir ijtimoiy muammo bo‘lib kelayotgan aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturi doirasida so‘nggi besh yilda 140 mingdan ziyod yangi kvartira va yakka tartibdagi uy-joylar barpo etildi. Bu – oldingi besh yilga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joy qurildi, deganidir.

Kelgusida hududlarda 1 milliondan ortiq aholi uchun barcha qulaylik va ijtimoiy infratuzilmaga ega bo‘lgan «Yangi O‘zbekiston» massivlarini bunyod etilishi, «Obod mahalla», «Obod qishloq» dasturlari izchil davom ettirilishi belgilanayaptiki, bu elektoratimiz asosini tashkil etadigan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushgan ayollarni arzon uy-joylar bilan ta’minlash ishiga xizmat qiladi. Bu kabi savobli amallar, albatta, xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

To‘rtinchidan, nuroniylarimiz, xotin-qizlarimiz, yoshlarimizning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, xonadon va mahallalarimizda, yagona va ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli yurtimizda tinchlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash masalalari ham Konstitutsiyamizdagi ustuvor vazifalardan hisoblanadi. 

Beshinchidan, o‘zini o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi hamda ko‘pgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yo‘lga qo‘ydi. Dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalariga 300 milliard so‘m imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda yangi yo‘nalishga aylandi.

Oltinchidan, ijtimoiy nafaqa oluvchilar qamrovi 2 barobarga oshirilib, 1 million 200 ming nafarga yetkazildi. Kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 4 yil davomida 2 barobar ortib, 65 foizga yetdi. Bog‘chalar soni esa 3 barobarga ko‘payib, 14 mingdan oshdi. Oliy ta’limga qabul parametrlari 2016 yilga nisbatan 2,5 barobarga o‘sdi, yoshlarimizni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga yetdi. Ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari oliy o‘quv yurtlariga alohida davlat grantlari asosida qabul qilindi. Bu ham Konstitutsiya xalqimizning barcha huquqlarini ta’minlayotganligining ifodasi. 

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘lyaptiki, O‘zbekiston shiddat bilan o‘zgarmoqda, yangilanmoqda. Odamlarning ko‘z o‘ngida yangi O‘zbekiston bo‘y ko‘rsatmoqda. Yangi O‘zbekistonda faollik, yaratuvchanlik ruhida yashash har bir inson uchun hayot taqozosi, ijtimoiy zaruratga aylanmoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, Asosiy qonunimizga kiritiladigan tahririy o‘zgartishlar yurtimizda ijtimoiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishda mustahkam kafolat bo‘lib xizmat qiladi.

 

Ulug‘bek Inoyatov, 

O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik 

palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari