2025 yil “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi faoliyatida ijtimoiy mas’uliyat, inson salomatligi va barqaror infratuzilmani rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Kon-metallurgiya sohasidagi og‘ir va mas’uliyatli mehnat muhitida faoliyat olib borayotgan konchilar hamda ularning oila a’zolari uchun munosib hayot tarzi yaratish, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirildi.
Jamg‘arma faoliyati markazida doimo inson omili turadi. Bu, avvalo, konchining salomatligi, mehnat qobiliyati va hayot sifati bilan bevosita bog‘liq. Shu nuqtai nazardan qaralganda, 2025 yilda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilgan ishlar jamg‘armaning strategik yondashuvini yaqqol namoyon etdi. Yil davomida “NKMK” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi va jamg‘arma tizimida ishlovchi xodimlar hamda nafaqaxo‘rlarni respublika va viloyat miqyosidagi yetakchi klinikalarda davolash uchun 894 ta yo‘llanma berildi. Natijada 759 nafar bemor chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning salomatligini tiklash uchun 11 milliard 229,7 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

– Bu ko‘rsatkichlar nafaqat raqam, balki inson hayoti va sog‘lig‘iga qaratilgan aniq amaliy qadamlardir, – deydi muassasa direktori Dilshod Ochilov. – Shu bilan birga, jamg‘arma tizimidagi tibbiy-sanitariya bo‘limlari tomonidan 30 ming nafardan ortiq xodim va nafaqaxo‘rlarga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatildi. Bu esa sog‘liqni saqlash xizmatlari tizimli va uzluksiz ishlayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq muammolarni barvaqt aniqlash va yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Navoiy shahridagi tibbiy-sanitariya bo‘limiga zamonaviy “Angiograf” uskunasi xarid qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu uskuna inson hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi omil hisoblanadi. 2025 yilda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 15,9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Laparoskopiya uskunalari joriy etilishi kam invaziv jarrohlik amaliyotlarini keng qo‘llash imkonini berib, bemorlarning tez sog‘ayishi va asoratlar kamayishiga yordam berdi. Jarrohlik, ginekologiya, urologiya, onkologiya va gastroenterologiya yo‘nalishlarida o‘tkazilgan zamonaviy tekshiruv va amaliyotlar tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqdi.

Sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda to‘g‘ri va muvozanatli ovqatlanish muhim o‘rin tutadi. Shu bois jamg‘arma tasarrufidagi umumiy ovqatlantirish kombinatlari 2025 yilda ham barqaror va samarali faoliyat yuritdi. Konchilarning og‘ir mehnat sharoiti hisobga olinib, davolash-profilaktik ovqatlanish tizimi uzluksiz ta’minlandi. Millionlab talonlar asosida issiq va foydali ovqatlar tarqatilib, sut mahsulotlari bilan ta’minlash amaliyoti davom ettirildi.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va tashqi bozorlarga qaramlikni kamaytirish maqsadida “Do‘stlik” agrofirmasi faoliyati alohida rivojlantirildi. Agrofirma tomonidan ishlab chiqarilgan go‘sht, sut, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, konserva va quritilgan mahsulotlar jamg‘arma tizimidagi ovqatlanish korxonalariga yetkazib berildi. Bu esa mahsulot sifati barqarorligini ta’minlash bilan birga, iqtisodiy samaradorlikni ham oshirdi.

2025 yil jamg‘arma faoliyatida energetik samaradorlik va ekologik barqarorlik masalalari ham ustuvor ahamiyat kasb etdi. Quyosh elektr stansiyalarini joriy etish orqali 730 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Yangi ob’ektlarda o‘rnatilgan stansiyalar hisobidan 2026 yilda ushbu ko‘rsatkichni 1,1 million kVt/soatga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa energiya xarajatlarini tejash bilan birga, ekologik toza energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirmoqda.

Qurilish va ta’mirlash ishlari doirasida tibbiy muassasalar, sport majmualari, dam olish maskanlari va xizmat binolari zamonaviy talablar asosida yangilandi. Bu ishlar nafaqat infratuzilmani yaxshilash, balki xodimlar va fuqarolar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qildi.

Madaniyat va sport sohalarida erishilgan yutuqlar esa jamg‘armaning ijtimoiy hayotdagi faol o‘rnini yanada mustahkamladi. Minglab madaniy tadbirlar, yuzlab to‘garaklar, xalqaro tanlovlarda qo‘lga kiritilgan g‘alabalar jamg‘arma tizimida ma’naviy muhit yuksalayotganini ko‘rsatdi. Sport sohasida esa bolalar va o‘smirlarni ommaviy ravishda sportga jalb qilish orqali sog‘lom va faol avlod tarbiyalanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, 2025 yil “NKMK jamg‘armasi” DM uchun inson salomatligi, ijtimoiy himoya, madaniy-ma’rifiy va sport rivoji, shuningdek, barqaror infratuzilmani mustahkamlash yo‘lida amaliy natijalarga boy yil bo‘ldi. Jamg‘arma tomonidan olib borgan ishlar bugungi kun ehtiyojlarini qondirish bilan birga, kelajak uchun mustahkam ijtimoiy poydevor yaratishga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri